Statistik ma`lumotlarga ko`ra, har 100 kishidan uch nafari aerofobiya (parvoz qo`rquvi)dan aziyat chekar ekan. Lekin hozirgi kunda aviatransport xizmatidan foydalanish juda ommalashgan. Ular yordamida Er yuzining istalgan nuqtasiga qisqa vaqt ichida etib borish mumkin...
XABARDOR QILINIShI KERAK...
Horijga chiqish uchun chipta olgandim, biroq reys vaqti ba`zi sabablarga ko`ra o`zgartirildi. Bunday holldarda yo`lovchilar xabardor qilinishi kerakmi?
J. Ermatov. Olmaliq sh.
— Milliy aviakompaniyada reyslar boshqa kunga qoldirilsa yoki bekor qilinsa, bron qilish tizimi orqali parvozlarni rasmiylashtiruvchi agentlar manziliga ma`lumot beriladi. Tizimdagi o`zgarishlar haqidagi ma`lumotlarni qayta ishlash va zudlik bilan mijozlarga ma`lum qilish agentlar xizmat vakolatiga kiradi.
Aviareyslar tasodifan, favqulodda bekor qilingan yoki uchish vaqti ko`chirilgan hollarda yo`lovchilar bevosita aeroportda axborot-ma`lumot xizmati xodimlari tomonidan xabardor qilinadi.
ChIPTA PULI QAYTARILADI!
Aviakompaniya tomonidan parvoz vaqti o`zgartirilgan holatlarda yo`lovchilarga qulaylik yaratish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?
Nigora Muxtorova. Toshkent sh.
— Bunday nostandart vaziyatlar tajribada juda kam uchraydi. Aviatashuvchi tomonidan havo layneri harakati jadvali buzilgan hollarda kompaniya mas`uliyati nuqtai nazaridan har bir holatning quyidagi farqlanish jihatlari mavjud:
1. Jadval, aviachipta yoki boshqa hujjatda ko`rsatilgan uchish va qo`nish vaqti aviatashuvchiga bog`liq bo`lmagan sabablarga ko`ra oldindan ogohlantirilmasdan o`zgartirilganda (uchish va qo`nish amalga oshiriladigan davlat organlari qarori asosida, noqulay ob-havo sharoiti va boshqa sabablarga ko`ra) aviakompaniya mas`uliyatni o`z zimmasiga olmaydi. Jadvalining bunday o`zgarishida aviachipta yoki jadvalda ko`rsatilgan yo`nalish va avialayner rusumi o`zgarishi, parvoz ushalishi, vaqti ko`chirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Ushbu hollarda aviakompaniya yo`lovchilar manfaatini e`tiborga olgan holda mijozni o`zining boshqa qatnovida yoki boshqa aviatashuvchilar qatnovlarida manziliga etib olishida ko`maklashadi. Shuningdek, yo`lovchining istagiga ko`ra, to`langan chipta puli jarima yig`imlari olinmasdan qaytarib beriladi.
2. Jadval, aviachipta yoki boshqa hujjatda ko`rsatilgan uchish va qo`nish vaqti aviatashuvchiga tegishli sabablarga ko`ra oldindan ogohlantirilmasdan o`zgartirilsa (avialayner parvozga tayyor bo`lmasa, tashuvlarni tashkillashtirish jarayonidagi uzilishlar va shunga o`xshash sabablar, havo laynerining yuklanish imkoniyatlaridan ortiq miqdorda aviachiptalar sotilganda) aviakompaniya mas`uliyatni o`z zimmasiga oladi va tashuvni o`zining boshqa qatnovi yoki boshqa kompaniya orqali amalga oshirishi shart.
Shuningdek, aviatashuvchi yo`lovchilar xohish-istagiga ko`ra aviachipta pulini hech qanday jarima yig`imlarisiz qaytarib berishni, “Milliy aviakompaniya yo`lovchilariga kompensasiyalar to`lash” Nizomiga asosan yo`lovchilarni ovqatlantirishni tashkillashtirish, mehmonxonalarga joylash hamda ularga kompensasiya to`lashni o`z zimmasiga oladi.
O`zgarishlar oldindan ma`lum bo`lsa, yo`lovchilar telefon yoki yuqorida ko`rsatilgan texnologiya orqali habardor qilinadi. Ushbu holat haqidagi xabarda nima uchun uchish vaqti o`zgarganligi, sabablari, lozim bo`lganda qo`shimcha xizmat turlari (mehmonxonaga joylash, oziq-ovqat bilan ta`minlash) haqidagi ma`lumotlar berilishi lozim.
- Tavsiya o`rnida
YO`LOVChINING HAM HUQUQLARI BOR
Havo layneri harakat jadvali aviakompaniyaga bog`liq sabablarga ko`ra o`zgartirilsa, yo`lovchilar:
-havo layneri harakati jadvalining o`zgarish sababini bilish, aniqlash
-tizimdagi uzilishlar taxminan qancha vaqt davom etishi mumkinligini bilish
- aviakompaniya xodimlariga qoldirilgan reysni boshqa reysga o`zgartirib berishni so`rab murojaat etish.
- chipta pulini hech qanday jarima to`lovlarisiz qaytarib olish huquqiga egadirlar.
QULAYLIK VA IMTIYoZLAR
Milliy aviakompaniya «UzAirPlus» dasturidan foydalanuvchi tez-tez uchadigan yo`lovchilar uchun yangi «Family» kartasini taqdim etdi va unda oilaning barcha a`zolari parvozlardan ballar to`plab, ulardan foydalanish imkoniga ega. Yana bir yangilik, MAK mijozlari o`zlari bilan qo`shimcha qo`l yuklarini olishlari mumkin. Mazkur yuklarning og`irligi iqtisod-klassda 8 kg, biznes-klassda esa 10 kg.dan oshmasligi kerak.
O`zbekiston Respublikasining Havo Kodeksi 102-moddasiga ko`ra, tashuvchi yo`lovchilarga tashish qoidalarida belgilangan tartibda xizmat ko`rsatilishini tashkil etishi shart. Shunga muvofiq yo`lovchiga belgilangan me`yor doirasida bagaj va qo`l yukini tekin o`zi bilan olib uchish, bolalarini (yoshiga qarab) tekin yoki imtiyozli shartlarda olib uchish, aeroportlarda maxsus ajratilgan binolardan foydalanish, shuningdek yuk tashuvchining aybi bilan yoxud boshqa majburiy sabablar bilan ro`y bergan parvozlarning kechiktirilishi yoki ular orasidagi tanaffuslarda mehmonxonalarda joy bilan ta`minlanish huquqi beriladi.
Tashuvchi o`z imtiyozli tijorat dasturlarini amalga oshirish va bunday dasturlarda nazarda tutilgan qo`shimcha xizmatlar ko`rsatish huquqiga ham ega.
DIQQAT! TAQIQLANADI!
O`zbekiston Respublikasining Havo Kodeksi 103-moddasiga ko`ra, tashuvchi havo transportida yo`lovchi, qo`l yuki va yuk tashish shartnomasini tashish yo`nalishining istalgan manzilida quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:
yo`lovchi yoki yuk jo`natuvchi tomonidan parvoz boshlanadigan, tugaydigan va tranzit mamlakatning qonun hujjatlarida belgilangan bojxona, chegara, sanitariya-karantin talablari va havo transportida tashishga taalluqli boshqa talablar buzilsa;
agar yo`lovchi sog`lig`ining holati havo transportida tashishning alohida shart-sharoitlarini talab qilsa yoxud yo`lovchining o`z xavfsizligiga yoki boshqa shaxslarning xavfsizligiga tahdid solsa, bu hol tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlansa, xuddi shuningdek tartibsizlik keltirib chiqarsa va boshqa yo`lovchilarga tashish shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan xizmatlarni ko`rsatishi uchun tashuvchiga imkoniyat bermasa;
havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari yo`lovchi tomonidan parvoz xavfsizligiga tahdid tug`diradigan yoxud havo kemasi ichidagi shaxslarning hayotiga yoki sog`lig`iga va mol-mulkiga tahdid tug`diradigan tarzda buzilsa;
havo transportida tashishlarning belgilangan qoidalari talablarini bajarish yo`lovchi yoki yuk jo`natuvchi tomonidan rad etilsa.
FAKT
Ayni paytda dunyoda turli darajadagi 1300 dan ziyod davlatga tegishli va xususiy aviakompaniya mavjud bo`lib, ular har yili bir milliard nafardan ortiq yo`lovchiga xizmat ko`rsatmoqda.
Bugungi kunda “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlari Osiyo, Amerika va Evropaning 40 dan ziyod shahriga parvoz qilmoqda.
BILASIZMI?
- 1914 yilda eng birinchi yo`lovchi tashish aviareysi amalga oshirilgan. 1919 yildan boshlab esa uzoq masofaga uchuvchi yo`lovchilarga salonda ovqat berila boshlagan.
- Psixologlarning ta`kidlashicha, samolyotda parvoz paytida faqat yaxshi narsalar haqida o`ylash lozim. Samolyotgan chiqishdan oldin valeriana tindirmasidan ichish ham yaxshi yordam beradi. Shirinlik, alkogolli ichimliklar va qahva ichish tavsiya etilmaydi, chunki, bu mahsulotlar qo`rquv hissini kuchaytirar ekan.
- “Boing-767” rusumidagi samolyot – dunyoning 800 dan ziyod korxonasi etkazib beradigan 3,1 million detaldan yig`ilgan “kolleksiya”dir. Samolyotga detallar esa dunyoning turli mamkatlaridan tayyorlanadi. Masalan, uning fyuzelyaji – Yaponiyada, qanotlari – Kaliforniyada (AQSh), burilish moslamalari – Italiyada tayyorlanadi.
- Ovozdan tez uchadigan “Konkord” avialayneri parvoz paytida Selsiy bo`yicha 95 darajagacha qizib, 12,5 sm ga uzayadi.
S. SAFAROV tayyorladi





