AsosiyDunyo

Suriya: Kimyoviy qurollarni ta`qiqlash tashkiloti ekspertlari tekshirishmoqda

'Suriya: Kimyoviy qurollarni ta`qiqlash tashkiloti ekspertlari tekshirishmoqda'ning rasmi

AQSh va ittifoqchilar tomonidan Suriya hududida amalga oshirilgan zarbalardan bir necha soat o`tib Kimyoviy qurollarni ta`qiqlash tashkiloti mutaxassislari Damashqqa etib borgandi. Euronewsning xabar berishicha, ular hududda kimyoviy qurol qo`llanilganmi yo`qmi aniqlashmoqda.

Bir qator davlatlar 7 aprel kuni Dumada kimyoviy qurol qo`llanilganini ta`kidlab kelishmoqda. Suriya rasmiylari esa bu ayblovlarni inkor etdi.

Shanba kuni bo`lib o`tgan BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig`inida Suriyaga amalga oshirilgan raketa zarbalari qoralandi. TASSning xabar berishicha, Rossiya Federasiyasi ushbu majlisga AQSh va uning ittifoqdoshlarining Suriyaga bergan zarbasini qoralovchi va bu kabi amaliyotlarni to`xtatishga chaqiruvchi rezolyusiya loyihasini kiritgan. Biroq bu rezolyusiya rad etilgan. OAV xabarlarida Rezolyusiya loyihasini uchta mamlakat qo`llab-quvvatlagani aytilmoqda. Bular Rossiya, Boliviya va Xitoy. 8 ta mamlakat, shu jumladan AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya unga qarshi ovoz berishdi. To`rtta mamlakat esa betaraf qolishgan.

Ayni damda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya BMT Xavfsizlik kengashiga Suriya Arab respublikasida kimyoviy qurol qo`llangani bo`yicha tekshiruvlar o`tkazishni talab qiluvchi yangi rezolyusiya loyihasini kiritishgan. Liberation tarqatgan xabarda qayd etilishicha, bu loyihada «gumanitar yordamlarni etkazib berishga to`sqinlk qilmaslik, shuningdek, rasmiy Damashqdan Birlashgan millatlar tashkiloti shafe`ligida o`tadigan tinch muzokaralarda ishtirok etish» kabilar so`ralgan. Ushbu hujjat 2401 raqamli rezolyusiyaga amal qilishga va Suriyada o`t ochishga chek qo`yishga chaqiradi.

RIA Novostining xabar berishicha, Suriya etakchisi Bashar Asad Rossiya parlamenti bilan uchrashuvda mamlakat iqtisodiyotini tiklashga $400 mlrd va kamida 10-15 yil kerakligini ta`kidlagan.

Eslatib o`tamiz, 14 aprelga o`tar kechasi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi bir necha nishonga aviazarbalar berdi. Ittifoqchilarning ta`kidlashlaricha, zarbalar Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish dasturidaishtirok etgan ob`ektlarga qarshi qaratilgan. Ular bu amaliyotlarni Suriyaning Duma shahrida hukumat kuchlari tomonidan kimyoviy qurol vositasida hujum amalga oshirilgani, buning oqibatida 70 kishi halok bo`lgani haqidagi xabarlarga javob bo`ldi, deb hisoblashmoqda.

    Boshqa yangiliklar