Jonli ijro, jonli musiqa, jonli suhbat, samimiy his-tuyg`ular... shu kuni «Istiqlol» san`at saroyi unutilmas konsert dasturiga guvoh bo`ldi. «Ikki yurak» deb nomlangan konsert dasturi Sarvar Akbarov va Tatyana Zaysevalar tarkibidagi «Sharq» guruhining o`n yillik yubileyiga bag`ishlandi, deb yozadi "Kunutun" nashri.



Dastur boshlovchilarsiz o`tdi, xonandalar tomoshabinlar bilan samimiy suhbat qurib, xotiralari, qalb tug`yonlari, his-hayajonlari bilan bo`lishdilar.


Konsert dasturi afsonaviy ustoz san`atkor Botir Zokirov va Luiza Zokirovalar ijodiga mansub «Gde je t, schaste?» qo`shig`i bilan boshlandi.


Qo`shiq nihoyasiga etgach, Sarvar va Tatyana guruh yaralishi haqida gapirib berilar va o`zlarining «Sen» deb nomlangan ilk qo`shiqlarini ijro etdilar.



Qo`shiqlar orasida xonandalar hazil-huzul qilar, qiziqarli voqealarni gapirib berar, xullas tomoshabinga nafaqat qo`shiqlari bilan balki hazillari bilan ham ko`tarinki kayfiyat ulashardilar.



«Sharq» guruhi iste`dodli xonanda Karen Gafurjanov bilan birgalikda yaqindagina taqdim etgan «Aytaman» dueti ham tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.



Birin-ketin guruhning sevimli bo`lishga ulgurgan «Dengiz», «Anhor», «Sevgilim» taronalari yangradi. Har bir taronaga mos ravishda orqa fondagi ekranlarda video ketma-ketliklar ko`rsatib borildi.



«Sharq» guruhi taniqli qo`shiqlari bilan bir qatorda bir nechta yangi qo`shiqlarini ham taqdim etdilar. Shulardan biri Sarvar tomonidan yakkaxon tarzda kuylangan «Guchchi» qo`shig`i bo`lib, hazilolmuz bu tarona rus tilida bo`lib, unda xonanda rafiqasi ham xonanda bo`lsa, qanday qiyinchiliklar kutayotgani haqida kuylagan.



Sarvadan so`ng sahnaga Tatyana yakkaxon tarzda kuylash uchun chiqdi va Sarvardan farqli o`laroq o`zbek tilida qo`shiq kuyladi. Ayniqsa, uning shirali ovozi bilan kuylangan «Ona allasi» muxlislarning ko`nglidan chuqur joy oldi.

Konsertning unutilmas lahzalari ko`p bo`ldi. Ulardan biri Sarvar va Tatyananing farzandlari Alixonning sahnaga chiqishi bo`lsa, yana biri o`zbek estradasining tirik afsonalari Farruh Zokirov hamda Nasiba Abdullaevlarning chiqishi bo`ldi.




Ustoz san`atkorlar «Sharq» guruhi haqida juda samimiy so`zlar aytdilar, ularni tabriklab, shunday insonlarni voyaga etkazgan ota-onalariga rahmat aytdilar. So`ng birgalikda «Toshkent» qo`shig`ini ijro etdilar.


Har bir qo`shiqqa xoreograflar tomonidan ajoyib raqslar sahnalashtirilgan bo`lib, konsertda «Sabo» raqs ansambli go`zal qizlarining jozibali xiromlari, Zlotnikov dance centre raqqoslaridan jo`shqin raqslari va hattoki akrobatlar chiqishlariga ham guvoh bo`lish mumkin bo`ldi.





Xonandalarning kostyumlari mahoratli stilist Lidiya Andre tomonidan yaratilganligi aytib o`tildi.




Konsertning eng kutilmagan lahzalaridan yana biri xonandalarni tabriklash uchun sahnaga chiqqan Ramiz Usmonov va Jenisbek Piyazovlar improvizasion tarzda Sarvar bilan birgalikda ’O sole mio qo`shig`ini ijro etganliklari bo`ldi.


Konsertda e`tiborimizni tortgan yana bir narsa orqa fondagi ekranda vaqti-vaqti bilan paydo bo`lib turgan, guruh vakillari uchun «Baxt» nimadan iboratligini bildiruvchi yozuvlar bo`ldi.

Muxlislar konsert davomida sevimli guruhlarini gulduros qarsaklar, olam-olam guldastalar, qo`shiqlarga mos ravishda telefon chiroqlarini yoqish bilan qo`llab-quvvatlab turdilar.


Va eng asosiysi xonandalarni muxlislari parda yopilgunga qadar tik turib olqishlar bilan kuzatib qo`yganlari bo`ldi.


Bundan ortiq baxt bormi...






