1

Sovchilar emas, “ovchi”lar...

Jinoyat 17.04.2018, 14:27
Sovchilar emas, “ovchi”lar...

Zamira opa — qiz uzatgan, kelin tushirgan, nevarali, quda-andali ayol. Farzandlari ham esli-hushli, mehnatsevar. Ammo kenja qizi Salimaning negadir baxti ochilmayotgani uni tashvishlantirardi. Nazarida shu qizi “o`tirib qolgan”. Kimdir uning “baxtini bog`ladi”mikan? To`g`ri-da, bo`lmasa ko`zga yaqin, qo`l-oyog`i chaqqon, oydekkina qizi 24 yoshgacha ham baxtini topmaydimi?!

Shunday kunlarning birida ko`cha eshigini ochgan kelini Shohista “Oyijon, sovchilar keldi”, degan xushxabar keltirdi. Yuragi hapriqib chopib chiqqan Zamira opa eshik yonida turgan ikki ayolni ko`rdi. Zamira opa ularni o`zbekka o`xshatmadi, ammo ular o`zbekmiz, deyishdi ishonch bilan.

Sovchilar bo`lg`usi kuyovning toparmon-tutarmon ekanligini, biroq uylanmoqchi bo`lgan qizining tibbiy ko`rik paytida homiladorligini bilgach, ruhiy tushkunlikka tushib qiynalganligini, Yangiyo`ldagi “Sohil” do`koniga kelgan vaqtida sotuvchi bo`lib ishlayotgan Salimani ko`rib, yoqtirib qolganligini aytishdi.

Sovchilardan biri Zamira opadan Salimaning suratini olib ko`rar ekan, bosh chayqadi:
— Qizingizni kimdir o`qitgan, yomon amali bor, o`qimasa baxti ochilmaydi. Arzimagan pulga o`qib, tozalab qo`yaman.
— Sizlar sovchisiz-ku, qanday qilib...
— Men kuyov bo`lmish yigitning tutingan opasiman. Uni ham o`zim “qaytarma” qilganman.

Sharofatning dalil-isbot bilan gapirishi Salima opada shubha-gumonga o`rin qoldirmadi.
Qizining baxti bog`langanligi haqidagi taxminlari to`g`ri chiqqanligini bilgan ona “folbin sovchi”larning hamma topshirig`ini so`zsiz bajardi: birpasda nina, oq paxta, oq ip, qora selofan, 7 dona shag`al tosh va 7 dona tilla buyumlar muhayyo qilindi. Zamira opa qizining qarshiligiga qaramay, o`zining, erining va hatto kelinining ham tilla buyumlarini yig`ib keldi. “Sovchi” ularga birma-bir qon surdi, irim-sirimini qilib, selofanga o`rab, 3 soatgacha echmaslik sharti bilan beliga bog`lab qo`ydi.

Zamira opa shunday xursand ediki, hatto sovchilarning xatti-harakatidan hayron bo`layotgan qizi Salimaning savollariga ham hammasini uch kundan keyin bilasan, deb qo`ya qoldi.
Bezovtalanib qolgan Salima opasi Malohatga qo`ng`iroq qildi:
— Opa, uyga sovchilar kelishdi, boshqacha shevada gapirishar ekan. Onam ularga hamma tillalarni olib chikib berayapti.
Malohat sergak tortdi: “Ular sovchilar bo`lishsa, nega tillalarni so`rashadi?”
Malohat shoshib darvozadan kirib kelar ekan, ketishga chog`lanib, hovlidan ko`chaga otlanayotgan, ko`rinishidan lo`li millatiga mansub ayollarga ko`zi tushdi.
— Bular kimlar?
— Sovchilar! — dedi Zamira opa.
— Tilla taqinchoqlar qani?

Malohatning vajohatidan qo`rqib ketgan “sovchi”lardan biri Zamira opani hovlidan ichkariga tortdi. Uning belidagi “baxt yo`lini ochuvchi” tugunchaning bog`langaniga hali uch soat bo`lmagan bo`lsa ham tezlik bilan echib olib, divan orqasiga otdi va o`zining ichkiyimiga yashirgan tilla taqinchoqlar o`ralgan yana bir tugunchani chaqqonlik bilan Zamira opaning qo`liga tutqazdi. U shunday tez harakat qildiki, Zamira opa bir xil tugunchalar ikkita ekanligini, beliga bog`langan tuguncha tilla emas, shag`al toshga to`la ekanligini sezmay ham qoldi.
Malohat shubhalari o`rinli ekanligini angladi-yu, Yangiyo`l tuman ichki ishlar bo`limi xodimlarini yordamga chaqirdi...

Tergov jarayonida haqiqat oydinlashdi: “sovchi”lardan biri — ikki farzandning onasi Sharofat Alieva Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida istiqomat qiladi. U jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro shahar, Pastdarg`om, Toyloq, Shahrisabz, Qiziltepa, Dehqonobod va Koson tuman sudlarining hukmi bilan O`zbekiston Rekpublikasi Jinoyat qodeksining turli moddalari bo`yicha sudlangan.

Guljahon G`anieva Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug`ilib o`sgan. 5 nafar farzandning onasi bo`lsa ham savodsizligi boismi yoki “Qovun qovundan rang olar” deganlaridek, qaynopasidan “o`rnak” olganmi, har holda jinoyat ishlari bo`yicha Guliston shahar va Dehqonobod tuman sudlari tomonidan sudlanib, tegishli jazoga hukm qilingan.

O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas, deganlaridek, qaynopa-kelin go`yoki davolanish maqsadida Toshkent viloyatiga kelib, bir uyni ijaraga olishadi. Ertasigayoq tilamchilik qilish va fol ochish maqsadida Yangiyo`l tumanidagi mahallaga borib, ukasiga qiz izlab yurishganini, bo`yi etgan qizlar bor-yo`qligini surishtirishadi. Bir ayol “sovchi”larga Zamira opaning uyini qo`rsatib yuboradi...

Sharofat Alieva xavfli residivist bo`la turib, firibgarlik, ya`ni o`zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida jinoiy sherigi Guljahon G`anieva bilan oldindan jinoiy til biriktirib, umumiy bahosi 4 million so`mlik turli xildagi 7 dona tilla buyumlarni qo`lga kiritib, foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo`lmay turib, jinoyat ustida daliliy ashyolar bilan qo`lga olingan. Firibgar “sovchilar”ga adolatli qonunlarimizga asosan jazo tayinlandi.

Kishini boshqa savol mushohadaga chorlaydi: Zamira opaga o`xshagan ayollarimizni hayotda ko`pni ko`rgan, oq-qorani tanigan kayvoni onaxonlar deymiz. Ularning dinimizda la`natlangan sehru jodu, irim-sirimga ishonib, tanimagan-bilmagan begona ayollarning firiblariga uchganlarini qanday izohlash mumkin? Hatto oramizda folga ishonib, kelini, qo`shnisi yoki opa-singlisi bilan yuz ko`rmasga aylanganlar ham, misqollab yiqqanini in`om etib yuborganlar ham uchraydi. Bunday soddalik va ishonuvchanlikning natijasi esa faqat afsus va nadomatdir.

Bahrom TOShPO`LATOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l tumani sudining raisi,
Saodat MATYoQUB qizi, “Adolat” muxbiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1