Italiyada chop etiladigan nufuzli “Corriere Della Sera” gazetasi yoz faslida sayohatga chiqish tavsiya etiladigan mamlakatlar reytingini e`lon qildi. O`zbekiston ular orasidagi eng maqbul yo`nalishlar qatoridan joy olgan. Bu haqda “Jahon” AA xabar bermoqda.
Nashr tadqiqotchilari fikricha, mamlakatda hukm surayotgan umumiy vaziyat, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangi sayyohlik ob`ektlari bunyod etilayotgani, pul almashtirishdagi maqbul qiymatlar singari omillar hamda sayyohlik sohasidagi yirik kompaniyalar yuritayotgan narx siyosati xalqaro sayyohlikning cho`qqisiga ko`tarilishga imkon beradi.
O`zbekiston yozgi ta`tilni o`tkazish uchun Urugvay, Andaman orollari, Zambiya va Finlyandiya kabi eng ommabop beshta sayyohlik yo`nalishi ro`yxatiga kiritilgan.
O`z tadqiqotlarini aynan mamlakatimizdan boshlagan nashr ekspertlari O`zbekiston yo`nalishiga “Yuqori tezlikdagi Ipak yo`li”, deya ta`rif bergan. “Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat O`zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar Ipak yo`li bo`yidagi betakror madaniy merosga ega shaharlarni bir-biri bilan bog`laydi. Toshkentdan Samarqandgacha (344 kilometr) bor-yo`g`i ikki soat, so`ngra Buxorogacha (poytaxtdan 600 kilometr) 3,5 soat vaqt ketadi, xolos”, deb yozadi gazeta.
Tadqiqotda ta`kidlanganidek, “ko`pgina qiyinchiliklarga duch kelinayotganiga qaramasdan, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshchiligida hayotga tadbiq etilayotgan yangi siyosat mamlakatni demokratiya yo`lidan etaklamoqda. Biroq hammaga tanish bo`lgan o`zbekona samimiyat o`zgarmasdan qoladi”.
Mamlakatimizgi me`moriy obidalar haqida to`xtalar ekan, Italiya nashri Buxoroni muqaddas shahar, “islom quvvati, din va madaniyat yuragi”, deya ta`riflagan. “Shahrisabz mintaqaning asosiy shaharlaridan biri, Amir Temur tug`ilgan go`sha, Xiva – eng fusunkor shahar, Samarqanddagi mashhur Registon maydoni YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan eng go`zal qadamjolardan biri, Ulug`bek rasadxonasi – O`rta asrning eng mashhur durdonasidir”, deya qayd etadi “Corriere Della Sera”.
Gazetaning “DoveClub” deb nomlangan sayyohlik hayoti sahifasida 2018 yil sentyabr oyida italiyalik sayyohlar guruhining nomlari sanalgan shaharlar bo`ylab sayohat tashkil etish rejasini e`lon qilgani ham yozilgan.
Eslatib o`tamiz: o`tgan yili O`zbekiston Italiyadagi boshqa bir ommabop gazeta – “IlSole24ore” nashrining eng yaxshi sayyohlik yo`nalishi reytingidan joy olgan edi.