Pastdarg`omlik Shaqqos Hasanovni Samarqandda ko`pchilik piru badavlat otaxon sifatida taniydi, hurmat qiladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, hayotini yosh avlodga ta`lim-tarbiya berishga bag`ishlangan bu otaxon 96 yoshda ham farzandu nabiralariga bosh bo`lib, yoshlarga tajribalarini o`rgatib kelmoqda, deb yozadi O`zA.
– Tabib tabib emas, boshidan o`tkazgan tabib, degan gap bor xalqimizda, – deydi Shaqqos bobo. – Biz tengi avlodning boshimizdan ne-ne savdolar o`tmadi, deysiz. Mana, bugun baxtli bolalik degan gaplar paydo bo`ldi. Bizning bolalik chog`imiz turmush mashaqqatlari, ocharchilik, og`ir mehnat bilan o`tgan. Dalada tug`ilib, dalada o`sganmiz. Endi voyaga etdik deganimizda, peshonamizda bor ekan, urush ko`rdik. Yurtimizdan olislarda qon kechib, janglarda ishtirok etdik. Ko`z ko`rib, quloq eshitmagan azob-uqubatlarni ko`rdik. Rizqimiz uzilmagan ekan, ko`pchilik bo`lib ketib, kamchilik qaytib keldik. Urushdan keyingi hayotimiz ham oson kechmadi. Shu tarzda hayotning o`zi tarbiyalab, yo`lga soldi bizni...
Shaqqos Hasanov urushdan keyin Pastdarg`om tumanidagi maktablarda o`qituvchilik qildi. Maktab direktori bo`ldi, jamoa xo`jaligida ishladi. Halol mehnati, tashabbuskorligi bilan el o`rtasida hurmat-e`tibor qozondi. Oilasi nafaqat Mang`itobod mahallasida, balki tumandagi namunali xonadonlardan hisoblanadi. Bugun Shaqqos boboning farzandlari ham pensiya yoshiga etib, nuroniylar qatoriga kirgan, nevara-chevaralarining hisobidan ba`zan adashib ham ketadi.
– Yaratganga shukr, o`zim ham boboman, nabiralarim bir etak, – deydi otaxonning farzandi Abduxoliq aka. – Lekin hali ham biror ish yoki ma`raka masalasida otamdan maslahat so`rayman, biror joyga boradigan bo`lsam, duolarini olib, yo`lga chiqaman. Yaqinda yonlariga chaqirib, qo`limga besh-olti daftar tutqazdilar. Varaqlab ko`rdim – maqollar, hikmatli so`zlar, o`zlari ko`rgan, eshitgan voqea-hodisalarni yozgan ekanlar. “Mana shuni bitta kitob qilmoqchiman, nashriyotga boraylik”, dedilar. O`zim olib borib ko`rsataman, deyishimga qaramay o`zim tushuntirishim kerak, deb turib oldilar. “Nuroniy” jamg`armasi Samarqand viloyati bo`limiga birga borib, daftarlarni ko`rsatdik, kitob qilishga yordam berishlarini aytishdi.
Otaxonning qo`lyozmalarini varaqlaymiz. “Bilim – oltindan qimmat, qilichdan keskir”, “Do`sti bo`lmagan odam mevasiz daraxtga o`xshaydi”, “Tishi chiqqan bolaga chaynab bergan non tatimas”, “Ko`ngil ko`ngilga to`g`ri kelsa, ikki tosh orasida bo`lsa ham topishadi”, “Ekish vaqtida uxlab qolgan dehqonning yig`ish vaqtida ko`zi qon bo`ladi”, “Er kovlagan osh eydi, gap kovlagan tosh”...
– Bu gaplar umrim davomida ko`rgan-kechirganlarim xulosasi, – deydi Shaqqos bobo. – Aytdimku, hayotning o`zi murabbiy, har qanday insonni tarbiyalab, yo`lga soladi. Lekin buni o`z vaqtida anglasak yaxshi, kech qolsak, yoshlikni, uning g`animat damlarini boy berib qo`yamiz. Boshimiz devorga urilmasligi uchun uning chorasini ko`rish lozim. Buning chorasi esa ilm-hunar egallash, to`g`ri va halol yashash. Birovning haqiga xiyonat qilmagan, boriga sabr qilib yashagan, rohatni mehnatda deb bilgan inson hech qachon kam bo`lmaydi.
Otaxon bilan bu suhbatimiz u kishi bir necha kun oldin Samarqand shahriga kelganda bo`lgandi. Kuni kecha Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risidagi farmoni hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha qarori e`lon qilingach, Abduxoliq akaga qo`ng`iroq qilib, Shaqqos boboga bu haqda aytdik.
– Hozirgina televizorda ham eshittirishdi, – dedi otaxon. – Boshim ko`kka etdi. Prezidentimizni duo qilib o`tiribman. O`tgan yil Toshkentda bo`lgan bayram tadbiriga borib, u kishi bilan ko`rishgandim. Bir yildirki, o`sha uchrashuvlar zavqi bilan yashayaman. Xudoga shukr, bu yilgi bayramlarga ham eson-omon etkazdi. Nasib etsa, albatta, Samarqandga, poytaxtga borib quroldosh do`stlarim bilan ko`rishaman.
17.04.2018 16:23
Urush faxriysi kitob yozmoqchi






