Ayni vaqtda Prezident davlat maslahatchisining birinchi o`rinbosari Ulug`bek Muhammadiev va viloyat hokimi T. Jo`raev Jom qishlog`ida Nurobod, Past Darg`om, Samarqand va Toyloq tumanlari aholisi uchun hududiy ommaviy qabul o`tkazmoqda, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.
Dastlab viloyat hokimi tomonidan Jom qishlog`idagi nogiron xotin-kizlarning 12 nafariga Prezident tuhfalari – tikuv mashinalari va esdalik sovg`alari topshirildi.

– Bunday e`tibordan mamnunmiz, – deydi birinchi guruh nogironi Dilfuza Rahmatova. – Kelgusida tikuvchilik faoliyati orqali daromad olishni maqsad qilganman. Bizga ko`mak bergan Prezidentimiz va viloyatimiz rahbarlaridan minnatdormiz.

Shuningdek, Jom qishlog`idagi nogiron xotin-qizlarga dori-darmonlar berildi.

Ommaviy qabul davom etmoqda. Unda viloyatdagi mas`ul idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, qishloq aholisi ishtirok etmokda.

Ayni damlarda viloyatdagi barcha soha rahbarlari alohida xonalarga bo`lingan holda aholini qabul qilmoqda. Murojaatlarini tinglab, muammolarni asosan ijobiy hal etmokda.
— Bizning qishlog`imizda televizion antena yuk, - deydi Nurobod tumani Chunkaymish qishlog`ida yashovchi Hislat Jabborov. - Ushbu masaladagi murojaatim hal etiladigan bo`ldi. Viloyat hokimi topshirig`i bilan tegishli tashkilotlar tomonidan bir oy muddatda qishlog`imizga televizion antena o`rnatiladigan bo`ldi.

— Nogiron o`g`lim bor, - deydi Girdiqo`rg`on mahallasida yashovchi Oyimxol Qudratova. - Oxirgi vaqtda dori-darmon uchun moddiy tomondan kiynalib qoldik. Shuning uchun viloyat hokimidan yordam suradim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Bizga ertaning o`zida moddiy yordam beriladi.
Respublika miqyosida hal etiladigan masalalar yuzasidan Prezident devoni vakili X.Jumaniyozov qabul qilmoqda.

Shuningdek, ommaviy qabul doirasida biometrik pasportlar egalariga topshirildi.
- Jom qishlog`idagi 10 nafar keksa otaxon va onaxonlarga biometrik pasport topshirdik, - deydi Nurobod tumani IIBM va FRB boshlig`i Abdurafiq Jabborov. - Jom qishlog`ida 933 nafar fuqaro qabul qilinib, shu vaqtga qadar tayyor bulgan biometrik pasportlar egalariga topshirilmoqda.






