Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g`oya hayotimizda o`z ifodasini topayotgani quvonarli. Bugun ana shu ezgu maqsad yo`lida jamiyatning barcha sohalarida chuqur islohotlar davom etmoqda.
Lekin oramizda hanuzgacha bu o`zgarishlar mohiyatini tushunib etmayotganlar uchrab turgani juda achinarli.
...Sardor Yunusov Zafarobod tumani “Yorqin” shahar fuqarolar yig`inida istiqomat qiladi. U uyining hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida “Ermulkkadastr” davlat korxonasining tuman filialiga boradi. Borishga boradi-yu, ammo ishi bitmayotganday tuyulaverdi.
Buni qarangki, o`sha payt bu ishni bir zumda hal qilib beradigan odam ham topiladi. "Hojatbaror" filialning ishlab chiqarish bo`limi boshlig`i Qobil Abdurahimov bo`lib, rasmiy to`lovlardan tashqari “qo`l haqi” uchun 300 ming so`m berishini talab qiladi.
Sardor Yunusov undan imkoniyatlarini chamalash va o`ylab ko`rish uchun vaqt so`raydi.
U o`ylab ko`rdi... Noqonuniy talab yuzasidan tuman ichki ishlar bo`limiga ariza yozdi.
Ko`za kunida emas, o`sha kuni sindi. Zafarobod tumani hokimligi ro`parasida pora olayotgan Qobil Abdurahimov Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv bo`limining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi tomonidan jinoyat ustida qo`lga olindi.
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatma! Materialda keltirilgan ism-familiyalar o`zgartirilgan, to`g`ri kelgan har qanday o`xshashlik tasodif sanaladi.






