Xorazm viloyatining Bog`ot tumanidagi 5-umumta`lim maktabini 1982 yilda bitirgan bir guruh o`quvchilar maktab kutubxonasiga mingta kitob sovg`a qildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi to`g`risida”gi qarori aholi o`rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotir.
– Biz 36 yil avval shu maktabni bitirgan edik, – deydi Samandar Hayitboev. – Bizning hayotda o`z o`rnimizni topishimizda shu erda olgan bilimlarimizning o`rni beqiyos. Shu bois, biz bu muqaddas dargoh va ustozlar oldidagi qarzimizning bir qismini bo`lsa-da, uzish maqsadida shu ishga qo`l urdik. Sovg`a qilingan kitoblar maktab o`quvchilarining bilimi yanada ortishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Sovg`a qilingan kitoblar o`zbek va jahon mumtoz adabiyoti durdonalari, zamondosh ijodkorlarning asarlaridan iborat.
– Kutubxonamizga sovg`a qilingan kitoblar orasida juda ko`p qiziqarli asarlar bor ekan, – deydi 9-sinf o`quvchisi Mahliyo Qurbonboeva. – “Yosh kitobxon” klubimiz a`zolari har doim darsdan so`ng o`z vaqtini mazmunli o`tkazish uchun kitob mutolaa qiladi. Endilikda ularning safi yanada ortadi.
Tadbir doirasida kitob ko`rgazmasi tashkil etilib, inson hayotida kitobning o`rni, o`zbek va jahon adabiyoti durdonalari haqida so`zlab berildi. A`lochi va tashkiliy ishlarda faol o`quvchilarga esdalik sovg`alari topshirildi.
19.04.2018 16:10
Xorazmda sobiq o`quvchilar maktabga kitoblar sovg`a qildi
