“Fuqarolarni ijtimoiy qo`llab quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar hamda o`zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o`tkazish to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining matubot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur Farmon uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, er uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo`lgan turar joylarni davlat ro`yxatidan o`tkazishda ko`maklashish maqsadida qabul qilingan.
Farmon bilan fuqarolarning o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e`lon qilindi.
Unga ko`ra, 2019 yil 1 maygacha mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan er uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga, ya`ni o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi ushbu ob`ektga o`z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga quyidagi shartlar asosida:
ushbu er uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo`lmagan er maydonida joylashmagan bo`lsa;
o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo`lsa, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirmasa e`tirof etiladi.
Farmonda, o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e`tirof etilmaydigan aniq holatlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutildi.
O`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi:
- O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etiladigan Ko`chmas mulkka nisbatan huquqni e`tirof etish ishlarini tashkil etish bo`yicha komissiyaning taqdimnomasiga ko`ra tuman (shahar) hokimining qarori bilan;
- umumiy mulk huquqi haqidagi fuqarolik va oila to`g`risidagi qonun hujjatlarining qoidalariga amal qilish sharti bilan;
- eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig`im to`langandan keyin amalga oshiriladi.
O`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etishda mulkdorga u qurilgan er uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilib, ortiqcha qismi O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 121-moddasida nazarda tutilgan jarima solinmasdan zaxira erlariga olib qo`yiladi.
Shuningdek, Farmonda bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagunga qadar:
- sudlarga o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo`yicha da`vo kiritishni to`xtatib turilishini, qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo`lmagan er maydonida joylashgan er uchastkasida (uchastkaning bir qismida) qurilgan ob`ektlar bundan mustasno;
- sudlarning turar joy sifatida foydalanilayotgan o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to`g`risidagi ko`rib chiqilayotgan da`volar hamda ijro qilinmagan qarorlari bo`yicha belgilangan tartibda kelishuv bitimlari tuzilishini ta`minlash nazarda tutilgan.
Hujjatning to`liq matni matbuotda e`lon qilindi.






