Insoniyatni atrof-muhitga e`tiborli bo`lish, uni asrab-avaylashga undash maqsadida har yili 22 aprelda Xalqaro Ona Er kuni keng nishonlanadi. Er sayyorasi kunini nishonlashdan maqsad – dunyo jamoatchiligi e`tiborini dolzarb ekologik muammolarga qaratish, ularni hal etishda amaliy ishlarga undashdan iborat. Shu bois mazkur kunda ekologik aksiyalar, tadbirlar, ilmiy konferensiya va ko`rgazmalar o`tkazilishi yaxshi an`anaga aylangan.
22 aprel – toza suv, toza tuproq, toza havo bayrami. Chunki shu kuni sayyoramizda sodir bo`lgan ekologik halokatlar yodga olinadi. Odamlar mavjud ekologik muammolarni qanday bartaraf etish lozimligi borasida fikr-mulohaza yuritadi, xulosalar chiqaradi.
Bu kunning o`z tarixi bor. Jon Julius Sterling Morton ismli biolog va fermer AQShning Nebraska shtatiga kelganida qator muammolarga duch keladi. Ya`ni, yam-yashil daraxtlar qurilish uchun ayovsiz kesilib, katta-katta hududlar dashtga aylana boshlaydi. Shu sababli Morton aholiga murojaat qilib, mintaqani ko`kalamzorlashtirish taklifi bilan chiqadi. O`shanda Nebraska shtatida 1 millionga yaqin ko`chat ekiladi va shu kuni “Daraxtlar kuni” deya e`lon qilinadi. Jon Morton 22 aprelda tug`ilgani bois, keyinchalik uning sharafiga shu kunni “rasmiy bayram sifatida e`lon qilish kerak”, degan taklif beriladi.
Bu tashabbusga nafaqat AQSh, balki boshqa davlatlar fuqarolari ham qo`shiladi. “Er sayyorasi kuni” ilk bor 1970 yil aprelda, AQShda o`tkaziladi. O`shanda bayram muvaffaqiyatli o`tgani va ko`p mamlakat hamda tashkilotlar qo`llab-quvvatlagani bois, uni muntazam nishonlashga qaror qilinadi. Taniqli amerikalik siyosatchi va senator Geylord Nelson bir guruh talabalarni to`plab bu g`oyani targ`ib qila boshlaydi. Guruhga Garvard universitetining talabasi Dennis Xayes boshchilik qiladi. O`sha paytda talabalar harakati juda ham ommalashgani bois, ularning tashabbusini keng jamoatchilik qo`llab-quvvatlaydi.
To`g`ri, ularda ommaviy tadbirlarni o`tkazish uchun tajriba va mablag` deyarli yo`q edi. Shu sababli ilk tadbirlar maktablarda o`tkaziladi. Geylord Nelsonning ta`biri bilan aytganda, “Xalqaro Ona Er kuni” o`z-o`zidan paydo bo`lib qoldi. 1971 yilda senator Nelson Er haftasini e`lon qildi. Bu tadbir aprel oyining uch haftasi mobaynida o`tkazildi. Buni AQSh aholisi bajonidil qo`llab-quvvatladi.
Siyosiy va ommaviy faollik tufayli AQShda atrof-muhit muhofazasi bo`yicha ko`plab qonun va hujjatlar qabul qilindi. 2009 yil BMT Bosh Assambleyasi har yili 22 aprelda “Xalqaro Ona Er kuni”ni nishonlash borasida rezolyusiya qabul qildi. Bu tashabbusni 50 dan ortiq mamlakat ilgari surdi va boshqa davlatlar yakdillik bilan qo`llab-quvvatladi. 2010 yildan boshlab har yili 22 aprelda bu bayram xalqaro miqyosda nishonlanib kelinmoqda.
Ayni damda, garchi norasmiy bo`lsa-da, fazodan suratga olingan er sharini eslatuvchi sayyoramiz bayrog`i ham qabul qilingan.
“Er sayyorasi kuni” bilan bog`liq tashabbus va tadbirlar bu qadar tez va keng yoyilishi, albatta, bejiz emas. Chunki, bugun insoniyat global iqlim o`zgarishlari kabi muammolar bilan ro`baro` turibdi. Insoniyatning tabiat qonuniyatlariga amal qilmasligi, tabiiy resurslardan beayov foydalanishi, Er yuzida ishlab chiqarish sur`atlarining keskin ortishi, transport vositalarining ko`payishi va boshqa ko`plab texnogen va antropogen ta`sirlar natijasida atmosferaga chiqarilayotgan karbonad angidrid, metan va azotning chala oksidi kabi issiqxona gazlari quyosh energiyasining Er sathida jamlanib qolishiga, bu esa, o`z navbatida, dunyo ob-havosining me`yoriy darajasidan oshib ketishiga sabab bo`lmoqda. Haroratning keskin oshishi kelajakda dengiz sathi ko`tarilishiga, qishloq xo`jaligi erlarini suv bosishiga, chuchuk suv manbalarining sho`rlanishiga, tabiiy ofatlarning ortishiga olib keladi. Bundan tashqari, iqlim mintaqalarining qutblarga qarab ko`chishi natijasida quruqlik yuzasining katta qismida tuproq namligi kamayib ketadi. Yozgi qurg`oqchilikning ortishi oqibatida o`simliklar hosili 10-30 foizgacha kamayishi mumkin.
“Xalqaro Ona Er kuni” har yili O`zbekistonda ham keng nishonlanadi. Shu kuni keng jamoatchilik ishtirokida joylarda turli seminar, konferensiya va festivallar o`tkaziladi. Tadbirlarga tabiatni asrash, hayvonot va nabotot turlarini ko`paytirish va saqlab qolish borasida jamoatchilik va yoshlarga keng tushuncha hamda ma`lumotlar beriladi. Qishloq xo`jaligida yil davomida amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishtiriladi.
Er shari — bizning yagona uyimiz. Er, o`z navbatida, ulkan milliy boylik ham sanaladi. Shu sababli uni ko`z qorachig`imizdek asrashimiz kerak. Chunki farzandlarimiz, kelajakda esa avlodlarimiz ifloslangan suv ichib, ifloslangan havodan nafas olib yashashlariga yo`l qo`yib bo`lmaydi.
Sharofiddin To`laganov, O`zA