1

"Titanik" kemasida taqdim etilgan ilk taomlar menyusi Buyuk Britaniyadagi auksionda sotildi

Dunyo 23.04.2018, 09:54
"Titanik" kemasida taqdim etilgan ilk taomlar menyusi Buyuk Britaniyadagi auksionda sotildi

"Titanik" kemasida taqdim etilgan ilk taomlar menyusi shanba kuni Buyuk Britaniyadagi auksionda 100 ming funt sterlingga (140 ming AQSh dollari) sotildi. Uiltshir grafligidagi Devises shahrida o`tgan savdolarni Henry Aldridge & Son auksion uyi tashkil etgan.

Ikkinchi darajadagi zobit Charlz Laytxoller kema bortidan menyuni olib chiqib ketgan. Qog`ozga kemaning texnik sinovlari vaqtida ya`ni 1912 ilning 2 aprel kuni texnik xizmat vakillariga berilgan taomlar yozilgan.

O`z vaqtining eng katta va eng zamonaviy layneri bortida o`sha kuni mol yoki tovuq go`shtidan sho`rva, qovurilgan tovuq, ismaloq qo`shilgan qo`zichoq yoki dudlangan cho`chqa go`shti asosiy taom sifatida taklif etilgan. Shuningdek, garnir sifatida no`xat, gulkaram, qaynatilgan kartoshka berilgan. Shirinliklar qatoridan esa puding, shohona noklar, pirojniy va albatta qaxfa o`rin olgandi.

Laytxoller menyuni 10 aprel kuni kema Sautgemptondan Nyu-Yorkka jo`nab ketishidan oldin xotiniga bergan. U halokatdan tirik qolganlar orasida eng yuqori darajaga ega xarbiy xizmatchi bo`lib, 1952 yili vafot etgandi.

Auksion sotuvchisi Alan Oldridj savdolar oldidan buyumni eng noyob menyulardan biri ekanini aytdi. Lot nomi oshkor etilmayotgan Britaniyalik kolleksioner tomonidan sotib olingan. Texaslik boshqa bir xaridor esa kema shturmani xonasi kalitini 78 ming Funt sterlingga (110 ming AQSh dolliri) sotib oldi.

Eslatib o`tamiz Nyu-Yorkdagi 2015 yil o`tkazilgan kimoshdi savdolarida “Titanik” kemasining halokati arafasida birinchi toifa yo`lovchilarga taqdim etilgan tushlik menyusi 88 ming dollarga sotilgandi. Unga qaraganda o`sha kuni kazo-kazo yo`lovchilar merilendcha qovurilgan jo`ja, grilda pishgan qo`y qovurg`asi, dudlangan sardina, sardakli mol tili, italyan kolbasasi va nemis pivosi bilan mehmon qilingan.

“Titanik” – o`z davridagi eng yirik okean layneri bo`lib, 1912 yilning 14 apreldan 15 aprelga o`tar kechasi o`zining ilk reysi chog`ida cho`kib ketgan. Kema Atlantika ummonida aysberg bilan to`qnashgan. Halokat oqibatida 1500 dan ortiq inson qurbon bo`ldi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, fojia “kema xavfli, muzlab qolgan suvlarda katta tezlikda harakatlangani va jamoa aysberg bilan to`qnashuvning oldini ola bilmagani» tufayli yuz bergan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1