AsosiyJamiyat

To`ti ayaning kelinlarga 6 maslahati

'To`ti ayaning kelinlarga 6 maslahati'ning rasmi

Bugun biz "Darakchi" gazetasi tahririyatiga kelgan xatlar asosida tuzilgan savollar bilan teatr va kinodagi minglab ibratli rollari bilan qalbimizdan chuqur o`rin egallagan O`zbekiston xalq artisti To`ti YuSUPOVAga murojaat qildik. 62 yillik oilaviy hayotning achchiq-chuchugini totgan ayaning kelinlarga bergan maslahati e`tiboringizdan chetda qolmasligiga ishonamiz...

“XO`P BO`LADI”NI KANDA QILMANG!”

— Kelin bo`lganimga ko`p bo`lmadi. Qizlik uyim, oila a`zolarimni sog`inyapman. Ustiga-ustak, ba`zida qaynona va qaynopamning gaplaridan xafa bo`laman. To`g`ri, ular ham meni o`ylab gapirishadi. Lekin ularning nazdida men hech narsani bilmaydigandek, “ikkichi”man. Xullas, yangi oila va muhitga umuman ko`nika olmayapman. Hozirgi shart-sharoit, yangi hayotga ko`nikishim uchun qanday maslahat berasiz?

Aziza Dadaeva, Toshkent shahri

— Birinchi va eng muhim maslahatim bu – ortiqcha gap gapirmaslik. Kelin birinchi galda tilini tiyishi, borgan joyida kattalar nima desa, “xo`p bo`ladi”, deya javob qaytarishni o`rganishi lozim. Yaxshi gap ham, yomon gap ham bir og`izdan chiqadi. Tili shirin kelin bo`lib, farosatni ishlatsangiz olam-guliston va hamma baxtli hayot kechiradi.

Shu o`rinda barcha kelinlarga yana bir maslahat: qaynonalar siz borgan xonadoning birinchi bekasi hisoblanadi. Borgan xonadoningizda qaynonaning uzoq yillar davomida sinalgan sabri bor. Kecha kelgan kelinga hamma narsani o`zboshimchalik bilan boshqarishga berib qo`yishni istamasligi tabiiy. Yosh va tajribasidan kelib chiqib, siz kelinlik uyingizga “singib” ketguningizcha yo`l ko`rsatib, bilganlarini o`rgatishi lozim. Bu har bir qaynonaning majburiyati va vazifasiga kiradi. Shunday ekan, kelin bo`lganingizga bir-ikki oy bo`la turib, u erda o`z qoidalaringizni o`rnataman, deb o`ylamang. Bekam-u ko`st oila asta-sekinlik bilan kattalarning nazorat va nasihatlari bilan barpo bo`ladi.

“BILMAGANIMNI AYTIShGA UYaLAMAN”

— Yoshim yigirmada, oilaliman. Qaynonam bilan ro`zg`or ishlarini bajarganimizda “biror ishni bilmayman”, deyishga uyalaman. Aytingchi, bunday paytda kelinlar qanday yo`l tutishadi. Ochig`i, qaynonam meni yaxshi ko`rib, “erka kelinim”, deb turganida, uyalib qolishni istamayman.

Zilola Xayitova, Sirdaryo viloyati

— Rahmatli to`ng`ich o`g`limning, birinchi ayoli 17 yoshda xonadonimizga kelin bo`lgan. Qo`l-oyog`i chaqqon, nima desam ham “xo`p”, derdi. Bir kuni shilpildoq pishirmoqchi bo`ldik. “Bilasizmi?” deb so`rasam, “ha” dedi. Oradan yarim soat o`tib, yoniga – oshxonaga kirsam, nima qilishni bilmay, boshi qotib o`tirgan ekan. “Nima bo`ldi? Nega o`tiribsiz?” degan savolimga “Xamir qorishni bilmayman, lekin buni sizga aytolmadim. Oyim borgan joyingda “xo`p bo`ladi”ni kanda qilma, nima so`rashsa ham “ha”, desang kam bo`lmaysan”, deb o`rgatgandi” degan. Ochig`i, qaynona sifatida uning gapidan xursand bo`lganman. Aytganimni ikki qilmay, bilmasa ham urunib ko`rgandi. Bu misol bilan aytmoqchimanki, avvalambor kelinlar o`z xonadonidan hamma narsani bilib kelishmaydi. Ro`zg`orning har bir ishida tajriba va ko`nikma lozim. Siz ham bilmagan narsangizni so`rab o`rganishdan uyalmang. Qaynonalar ham bir paytlar kelin bo`lgan. Yillar davomida bilganlarini kelinga o`rgatish qaynona uchun ham g`animat. Kuzating, har bir ishda e`tiborli bo`ling. Ana shunda bilmaganlaringizni asta-sekin o`rganib borasiz.

“QAYNONAM O`G`LINI MENDAN RAShK QILADI”

— Sevgan insonimga besh yil avval turmushga chiqdim. Ketma-ket farzandli bo`ldik. Bir qarashda risolidagidek baxtli oilamiz. Ammo negadir qaynonam o`g`lini mendan qizg`anadi. Buni o`g`lini tez-tez yoniga chaqirib olaverishidan sezaman...

Munisa Turdieva, Namangan

— “Ona o`g`lini kelinidan rashk qiladi”, degan gaplarni eshitsam, juda jahlim chiqadi. El-yurtga osh berib, to`y qilib kelin olgan, “avlod suraman”, degan ona o`g`lini kelinidan qanday qizg`anishi mumkin? Menimcha, bu tantiq kelinlarning o`ylab topgan gaplari. O`zingiz o`ylab ko`ring, ona o`g`lini boshiga yostiq qiladimi? Agar siz shunday o`ylayotgan bo`lsangiz, qattiq yanglishasiz. Sizga maslahatim turmush o`rtog`ingizning harakati, o`zini tutishi va onaga nisbatan gap-so`zlariga e`tiborliroq bo`ling. Balki turmush o`rtog`ingiz volidasiga e`tiborsiz bo`lib qolgandir? Avvalgidek birga choy ichib, suhbatlashmayotgandir? Chunki oq yuvib, oq taragan ona farzandi ulg`ayganda ham yonida maslahatgo`y bo`lishini istaydi. “Ona, yaxshi o`tiribsizmi? Yuring, sizni aylantirib kelaman. Ko`nglingiz nima istayapti? Yaxshi yotib turing!” kabi so`zlar ham onaning qalbiga malhamdek bo`ladi. Yana bir gap, umr yo`ldoshingiz shunday so`zlarni unutgan bo`lsa, bu sizning ham aybingiz. Erkak kishi oila tashvishi sabab, oddiy narsalarga ham be`tibor bo`lib unutgandir. Oqila ayol sifatida siz hamma narsani yodga solishingiz va qaynonangizning ko`nglini birgalikda olishingiz kerak.

“HAMMA NARSANI BILAMAN”, DEMANG”

— Turmush o`rtog`im bilan oramiz sovub ketgandek. Ko`p tortish qolyapmiz. Bu borada maslahat bersangiz...

Noila Tillaeva, Buxora viloyati

— Uzoq umr ko`rish siri nimada bilasizmi? Hech kim bilan urushmaslikda! U kim bo`lishidan qat`i nazar “sen-menga” bormaslik, har bir masalani albatta shirin so`z bilan tushuntirish kerak. Ro`zg`orda tortishuvlar bo`ladi, turmush “musht”larsiz bo`lmaydi. Bunday paytlarda “men aqlliroqman”, “hamma narsani bilaman”, “siz xato qildingiz”, deyishga shoshilmang. Vaqt o`tishi bilan o`z fikringizni bildirsangiz, juftingiz ham buni to`g`ri qabul qila oladi. Faqat sabr bilan jahldan tushishini kuting.

Siz va boshqa kelinlarga beradigan yana bir hayotiy maslahatim: ko`proq birga vaqt o`tkazishga, muammolardan tashqari yaxshi xotiralarni eslashga harakat qiling. Va eng muhimi, albatta, doim bir dasturxon atrofida yig`ilishni odat qiling. Oila a`zolari doim bir vaqtda toamga o`tirishi, bir-biriga nisbatan mehrni oshiradi. Dasturxon boshida ko`p masalalar hal bo`ladi, buni unutmang.

Ayollar “haliyam ovqat tayyor emasmi?” degan savolni eshitishi ehtimoldan holi emas. Vaholanki, ishdan uyga bir vaqtda kirib kelgansiz. Bunday paytda dasturxonga qo`yish uchun dam olish kunlarida shirinlik yoki qorinni “aldab” turadigan biror eguliklar tayyorlab qo`ying. “Tayyor bo`lib qoldi. Hozircha, bir piyola choy bilan mana shuni eb turing”, desangiz, shuning o`zi kifoya. Ancha muammolardan qutilasiz.

QIZLIK UYIMGA BORIShGA RUXSAT BERIShMAYDI

— Tug`ilib o`sgan uyimga juda kam boraman. Javob so`ragan taqdirimda ham o`ylanib keyin ruxsat berishadi. Nega kelin qizlik uyiga borish uchun shuncha qiynalishi kerak?

Safiya Obidova, Toshkent shahri

— Bu masalada chetdan turib, biror maslahat berishim qiyin. Chunki bir oilaning hayotiga tashqarida turgan odam javob berolmaydi. O`zimga kelsak, men uchun bu masala hech muammoli tuyilmaydi. Nabira kelinim bilan yashayman. Har o`n besh kunda javob so`rab, bir kecha yotib keladi. Bu har bir qaynona va erning xohishiga bog`liq holat, deb o`ylayman.

Kelinlarning qizlik uyiga borib kelishiga umuman qarshiligim yo`q. Faqat bir narsani yodda tutishsin: ikki xonadon egalari – qudalarning o`rtasiga sovuqchilik tushurishni istamagan qiz hech qachon gap tashimaydi. Qizlik uyidan ketgan kundan boshlab, u uyda mehmon ekani, chin uyi – turmush o`rtog`i yashaydigan xonadon ekanini anglab etsa, o`ziga ham oson bo`ladi.

“KIMNING KO`NGLINI OLAY: QAYNONA YoKI ERNING?”

— Doim bir savol o`ylantiradi. Kelin, birinchi galda kimning ko`nglini olishi kerak: qanonanimi yoki erini?

Marjona Rahimova, Jizzax viloyati

— Avvalambor har bir inson sevishib turmush qurishi tarafdoriman. Kelin hammaning ko`nglini ovlashi, shirinsuxanlik bilan muomalada bo`lishi talab qilinadi. Oila qurgandan so`ng birinchi o`rinda qaynonani ustun ko`rib, aytganini qilishi kelinning yutug`i. Chunki, erning ko`ngliga qaynona orqali yo`l topish mumkin. 25-26 yildan beri o`g`il o`stirgan ona o`g`liga nima yoqadi, qanday taomlarni yaxshi ko`radi, qisqasi barini aniq biladi. Bundan tashqari, qaynonaning ko`nglini olgan kelin, qaysi erkakka yoqmaydi, deysiz. Siz qaynonangiz bilan ahil bo`ling, ana shunda turmush o`rtog`ingiz ham sizni doim hurmat qilib, sevadi.

Otaxon va onaxonlar duoga qo`l ochar ekan, “To`y bo`lsin!” deya niyat qilishni kanda qilishmaydi.Niyatimiz bunyod bo`lgan har bir yangi oila mustahkam va baxtli bo`lsin!

Aliya SULAYMANOVA yozib oldi

    Boshqa yangiliklar