Asaka tumanida tashkil etilgan “Sabo hamkor” mas`uliyati cheklangan jamiyatida banan bog`i barpo etildi, deb xabar berdi "Xalq so`zi" nashri.
Ikki gektar maydonda barq ura boshlagan “Karlikoviy Kavendish” navli bu ko`chatning boshqa turdoshlaridan farqli jihati shundaki, u shu yilning o`zida meva bera boshlaydi. Shirinligi va quvvatlilik darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi.
— Ayni paytda issiqxonamizga 5000 tup ko`chat ekildi, — deydi korxona rahbari Muhammadjon Dadajonov. — Ularning har biridan 40-50 kg.gacha hosil olish mumkinligini inobatga olsak, demak, 2 gektar maydondagi bog`dan 300 tonna banan terib olsa bo`ladi. Bir yilda 300-400 ming AQSh dollari miqdoridagi hosilga umidvormiz.
Indoneziya davlatida o`suvchi bu o`simlik tez ko`payishi bilan ham ahamiyatlidir. U har yili beshtagacha ko`payadi. Demak, kelgusi yili bog` hajmi 5 barobarga ortib, ko`chatlar soni 25 mingtaga etishi mumkin. Bu esa viloyatning har bir tumanida mana shunday bog`larni tashkil etish imkonini beradi. Loyihadagi ishlar rejaga binoan amalga oshsa ikki-uch yilning o`zida Andijon viloyatining banan mevasiga bo`lgan ehtiyoji qondirilib, import o`rniga eksport faoliyatini yo`lga qo`yish mumkin bo`ladi.






