1

Nazira as-Salom: «Ko`z yoshingni hech qachon hech kimga ko`rsatma»

Jamiyat 26.04.2018, 15:35
Nazira as-Salom: «Ko`z yoshingni hech qachon hech kimga ko`rsatma»

Elimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf she`rlarini bugungi kunda o`qimagan, yod olmagan kishi oramizda juda kam bo`lsa kerak. Agar shoir hayot bo`lganida 26 aprel kuni 64 yoshni qarshilardi. Shu munosabat bilan Muhammad Yusufning rafiqasi, shoira Nazira as-Salom bilan shoirning umr yo`llari haqida suhbatlashdik.

Nazira opa, agar Muhammad aka hozir yoningizda bo`lganlarida, nimalar degan bo`lar edingiz?

— Muhammad aka bilan xayolan suhbatlashmagan kunlarim deyarli yo`q. Bolalarning, o`zimning muammolarimni aytib maslahat so`rayman. Otamni yo`qotganimdan keyin ular eng katta suyanchiq bo`lganliklarini o`sha lahzalarda sezmagan ekanman. Vafotlaridan butunlay dovdirab qolganman.

Taskin va armonlaringiz

— Bilasizmi, vaqt o`tganidan keyin qismatga ko`nglingiz ko`nmasa ham, o`zingiz ko`nishga majbur ekansiz. O`n yildan so`nggina Muhammad akaning yonimda emasligiga ko`nikdim, shunda ham yuragim ko`ngani yo`q. Bolalarim uchun kerakman degan fikr, xalqning ich-ichiga kirib borganim sari tadbiru uchrashuvlarda Muhammad akaga bo`lgan mehr-muhabbat meni hayotga qaytardi, yuragimda yashash ishtiyoqini oshirdi. Sevimli shoirimizning adabiy merosini yig`ish, nomlarini abadiylashtirishda hayotim mazmunini topdim desam, mubolag`aga yo`ymang. Men shundan kuch olaman va yashayman.

Eng katta armonim ularning hech bo`lmaganda ellik yoshga kirmaganlari. 80-yillarning oxirida hozirgi «Istiqlol» san`at saroyida «Muhammad Yusuf ijodiy kechasi» o`tkazilib, unda to`rt mingdan ziyod muxlislar ishtirok etgandi. Birorta odam o`rnidan turib ketmasdan she`r tinglagan. Mahmudjon Azimov, Oxunjon Madalievlar qo`shiq kuylashgan. Vafotlaridan bir hafta oldin «Zarafshon» restoranida ijodiy kecha tashkillashtiraylik, degan taklif bilan kelishgan. Men esa «Avvalgidek «Xalqlar do`stligi» saroyida qilsangiz, yaxshiroq edi», desam, rahmatli «Siz orzulagan katta uchrashuvni ellik yoshga kirganimda o`tkazamiz», degandi. Buni qarangki, bunday katta yubiley Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qarorlari bilan o`zlari bo`lmasalar ham shu dargohda nishonlandi.

Muhriddin Xoliqovning rafiqasi Gulsaraxon bilan gaplashganimda bu ayolga havasim keldi. Rahmatli san`atkorning ijodlari ham, oddiy hayotdagi faoliyatlari ham videolarga muhrlangan ekan. Muhammad aka suratga tushishni unchalik xush ko`rmasdi. Hatto, birga tushgan suratlarimiz ham kam.

Shu o`rinda jurnalist suratchi Abdug`ani Jumaga minnatdorchilik bildiraman. Chunki ular Muhammadjon akani qaerda ko`rsa, fotoga muhrlab olavergan ekanlar. Vafotlaridan keyin shu fotosuratlarni jamlab, katta albom qilib berdilar. Evaziga mendan biror narsa so`raganlari ham yo`q. Yana televidenieda ishlaydigan Jo`ra Boborahmat ham o`zi olgan ko`p suratlarni berdi.

Muhammad aka mening biror joyga borishimni uncha yoqtiravermasdilar. «Siz yozavering, o`zim kitob qilib chiqarib beraman», derdilar. Xuddi shu tarzda, ularning ishlari bilan shug`ullanishimni ham istamasdi. Shu boismikan, vafotlaridan keyin men ancha qiynaldim.

Katta qizimiz Ma`sudani bosh bo`lib uzatib, nabiramizga Bilol deb o`zlari ism qo`ydilar. Armonlarimdan biri – ikki qizimizning to`yini ko`rmaganlari. Qizlarimning ko`ngli umrbod yarim bo`ldi. Hech narsa ularga otalari o`rnini bosolmaydi. Yana bir armon, agar hayot bo`lganlarida qanchadan-qancha go`zal she`rlar dunyoga kelib, elimiz undan bahramand bo`lardi.

Shoirning «Tug`ilmagan qo`shiqlarim, sizdan uzr» degan satrlarini o`qib, bejiz yozmagan ekanlar, deb o`ylaysan kishi.

— Bu she`rning o`ziga xos tarixi bor. Oxunjon Madaliev bilan Muhammad aka tanishishganda xonanda Farg`onada yashagani sababli boshqa san`atkorlar kabi tez-tez uchrashib turishmagan. Namanganda katta stadionda ikkalalarining ijodiy uchrashuvi bo`lib o`tadi. Oxunjonning Muhammad akaga juda mehri baland edi. O`shanda u «Aka, ijodiy hamkorlik ham qilolmayapmiz. Tadbir tugaganidan keyin yangi she`rlardan yozib bering», deya iltimos qilgan. Muhammad aka shu erda o`tirib, qisqa fursatda to`rtta she`r yozib bergandilar. Shularning bittasi «Tug`ilmagan qo`shiqlarim, sizdan uzr», ikkinchisi «Farg`onamning parivashlari» edi.

Umuman olganda esa ular juda kuzatuvchan edilar. To`yga borsalar, davrada biroz o`tirib, «Hozir bir-ikki og`iz gapim bor edi», deb samovarchining yoniga borib gaplashib o`tirishni yaxshi ko`rardilar. Ular shu tarzda odamlarni kuzatar ekanlar, o`rganarkanlar. Yana «She`r yozish uchun ko`proq proza o`qish kerak», derdilar.

Shoirning rafiqasi sifatida u bilan yashash, uning quvonch-shodliklarini baham ko`rish, tashvishu iztiroblarini bo`lishish oson kechmagandir?

— Ijodkorning ijodkor bilan yashashining oson tomoni shundaki, bir-birining ruhiyatini tushunishadi. Bu degani uning she`rni o`zi istagandek to`la-to`kis yozishi uchun shart-sharoit yaratib berish, xalaqit qilmaslik. She`rning dunyoga kelishini to`lg`oq tutayotgan paytga qiyoslash mumkin. She`rlarini asosan uyda, farzandlaridan xotirjam bo`lgan chog`larida yozganlar. She`r qog`ozga tushayotganda ular xalal bermasligi shart edi. Yozganlarini, albatta, menga o`qib berardilar. Men yonlarida bo`lmasam, butun boshli she`rning bahridan o`tgan paytlari ham bo`lgan, yirtib tashlaganlar. Shuning uchun har doim sergak turishim kerak edi. Ularni tushunib etganim uchun haqiqiy do`stga aylangandim. Meni shuning uchun qadrlardilar.

Siz nimalardandir voz kechgansiz, to`g`rimi?

— Bu mening ixtiyorimdagi narsa edi. Muhammad aka meni ko`p yozishimni xohlardilar. Balki ko`nglimni ko`tarish uchundir, balki ijodiy jarayonga qo`shilib ketishimni istabmi, «Mana bu she`ringiz ancha kuchli, yaxshi», derdilar. Mening esa ularning she`rlarini o`qiganimdan so`ng yozishga bo`lgan xohishim asta kamaygan. «Men aytmoqchi bo`lgan narsalarni yozib bo`ldilar», deb ancha yillar qo`limga qalam olmay qo`yganman.

Shoir odam aslida anchayin injiq bo`ladi. Muhammad akaning ham fe`l-atvori o`ziga xos bo`lgan. Agar ko`chadan uyga kirib kelganida taom tayyor bo`lmasa, indamasdan yana ko`chaga chiqib ketishi ham mumkin edi. El tanigan odam bilan yashash, bir-birini tushunish, she`rlarini sevish, meni shoira sifatida tan olishlari ham katta baxt edi.

Aytgancha, kenja qizingiz Madinaxon she`r yozadi, deb eshitgandim. Bugungi kunda ham u she`riyatga oshnomi?

— Madinaxonning ilk she`rlar to`plamini ayni kunda nashrga tayyorlayapman. U otasini juda sog`ingan damlarida qo`liga qalam oladi. She`rlarining deyarli barchasi otasiga bag`ishlov. Kasb borasiga kelsak, siz bir narsani o`ylaysiz, hayot yo`llari esa boshqa to`lqinga olib ketishi hech gap emas ekan. Katta qizim Ma`sudaning shifokor bo`lishini istagandilar. U esa o`zi jurnalist bo`lishni xohladi. Іozir «Yoshlar» telekanalida faoliyat yuritayapti. Ilk ko`rsatuvi efirga ketganida Qoraqalpog`istonda ko`rib, rahbariga qo`ng`iroq qilibdilar: «Qara, qizim, ancha eplabdi. Jurnalist chiqadi, shekilli» debdilar. Ikkinchi qizim Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o`qidi, u ham gazetada ishlayapti. Eng kichigimizni tug`ma yurist bu qizim, huquqshunoslikda o`qiydi, derdilar. U Jahon tillari universitetini bitirib, bankda ishlayapti, o`z ishidan, jamoasidan juda xursand.

Farzandlariga qanday o`gitlar qilardi?

— Avvalo bolalarimizga qiz yoki o`g`il bola deb emas, farzand – Allohning eng buyuk ne`mati deb qaragan va eru ko`kka ishonmagan. Qizlarimizni o`g`il bola qanday ishni uddalashi kerak bo`lsa, hammasiga asta-sekin o`rgatganlar. Masalan, mashina haydashni. «Bolalar sport bilan shug`ullanishi kerak», deb hisoblaganlari bois o`zlari mashqlarni birgalikda qilardilar. Uyimizda trenajyor bor edi. Іaliyam o`sha joyda turibdi. Qizlarimga ko`proq erkinlik berardilar, men esa qattiqqo`llik qilardim. Menga aytmagan so`zlarini qizlariga aytardilar, qizlar ham ba`zan otalari bilan sirlashishardi. Katta qizimga «Sen o`zingni qiz bolaman deb hech qachon ojizlik qilmagin, ko`z yoshingni hech qachon hech kimga ko`rsatma», degandilar. Kichik qizim Madina «Dadam yosh vafot etishlarini sezgandek, bizga kuchli bo`linglar, deya tarbiya berganlar», deydi.

So`nggi suhbat chog`ida nimalar to`g`risida gaplashgandingiz?

— O`shanda qizlarim buvimiznikiga boramiz, deb xarxasha qilishgan. Qaynonam rahmatli juda mehribon bo`lganlari uchun sog`inib, ularni ko`rgilari kelaverardi. Muhammad aka esa arang ko`ndilar, men bolalarni olib Andijonga ketdim. Rahmatli umr yo`ldoshim uyda yolg`iz qolishni juda yomon ko`rardi. Ertasiga azonda izimizdan Andijonga etib bordilar. «Bolalar yo`q, sen yo`q, siqilib ketdim», dedilar o`zlarini oqlab. Oradan bir kun o`tib, Toshkentga qaytamiz, deb qoldilar. Qizlar esa yana ozgina qolaylik, deb turib olishdi. Shundan keyin ikkalamizga samolyotga chipta oldilar. Bugungi kunda o`shanda ichki sezgilari ayon qilgan, deb o`ylayman. Samolyotning uchishi kechiktirilgani bois, bo`sh vaqtimiz borligi uchun meni butun Andijonni aylantirganlar, ba`zi joylar bilan tanishtirganlar. «Anchadan buyon meni yo`qlayotgandi», deb mashhur bokschi Muhammadqodir Abdullaevning choyxonasiga olib bordilar. Lekin uning o`zi yo`q ekan. Yordamchilari chiroyli kutib olishdi. Keyin qahvaxonaga olib bordilar. Sherali Jo`raev ijrosidagi bir qo`shiqni qayta-qayta qo`ydirib eshitdilar. Shu kuni har xil mavzularda rosa gaplashdik. Samolyotga o`tirganlarida esa elkamga bosh qo`ygancha pinakka ketdilar. Bir ozdan keyin cho`chib uyg`onib, menga qarab shunday dedilar: «Noz, sening mehribonchiligingga yarasha javob qaytarolmadim, qadrlolmadim. Mendan xafa bo`lmagin», dedilar. Bu so`zlardan hayron bo`lib, «Biror marta men sizdan xafa bo`ldimmi?» dedim. Shu tarzda yana suhbatimiz davom etdi. Uyga qaytganimizdan keyin ko`p o`tmasdan Qoraqalpog`istonga jo`nab ketdilar. «Negadir, oyog`im tortmayapti, lekin odamlar kutishayapti, bormasam bo`lmaydi. Bir insonni ziyorat qilish niyatida edim. Shu bahona shu niyatimni ham amalga oshiraman», deb yo`lga chiqdilar. Balki odamlar oldidagi mas`uliyatni his etganlaridan shunday degandirlar. Oxiratlari obod bo`lsin.

Ma`pura NABIEVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1