Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Turkiya prezidenti Rejep Tayip Erdo`g`on 29 aprel — 1 may kunlari davlat tashrifi bilan O`zbekistonga keladi.
O`zbekiston prezidentining 2017 yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi doirasida bo`lib o`tgan oliy darajadagi siyosiy muloqot davomi sifatida Toshkent shahrida ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo`llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollari belgilash va rivojlantirishni muhokama qilish rejalashtirilgan.
"Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, global va mintaqaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e`tibor qaratiladi. Shuningdek, tashrif doirasida Turkiya prezidenti O`zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo`shma majlisida so`zga chiqadi. Prezidentlar O`zbekiston va Turkiyaning etakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo`shma biznes forumida ham ishtirok etadi", - deyilgan TIV xabarida.
Tashrif dasturidan Turkiya delegasiyasining Buxoro shahrida bo`lishi ham o`rin olgan.
O`zbekiston-Turkiya muzokaralari yakunida prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarining joriy holati va uni jadal rivojlantirish masalalri aks etgan Qo`shma bayonotni imzolash rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralaro turli sohalarga oid salmoqli hujjatlar to`plami hamda qator investisiya kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.






