Qoraqalpog`iston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasining Xunan provinsiyasi bilan savdo-iqtisodiy, investisiya, sayyohlik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qiladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi delegasiyasining Xunan provinsiyasiga tashrifi doirasida bu borada memorandum imzolandi.
– Xunan provinsiyasiga tashrif samarali bo`ldi, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o`rinbosari B.Sagidullaev. – Tashrif davomida qoraqalpog`istonlik tadbirkorlar bilan Xunan provinsiyasining yirik korxonalari ishtirokida biznes-forum o`tkazildi. Tadbirkorlar Xunan provinsiyasining qurilish, qishloq xo`jaligi, farmasevtika, mashinasozlik sohalaridagi etakchi korxonalari faoliyati bilan tanishdi. 50 dan ortiq ishchi guruh vakillari bilan muzokaralar o`tkazildi. Turli sohalardagi loyihalar, shuningdek, import va eksport kelishuvlarini amalga oshirish bo`yicha 66 million dollarlik bitim imzolandi.
Qoraqalpog`iston delegasiyasi Xunan provinsiyasi gubernatorining o`rinbosari Xe Baosyan bilan uchrashdi. Muloqotda asosiy e`tibor hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Xe Baosyan o`zaro savdo hajmini kengaytirish va ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini ta`kidladi.
Xitoy O`zbekiston hukumatining Xitoy investisiyalarini Qoraqalpog`istonga jalb qilish bo`yicha faolligini qo`llab-quvvatlaydi. Jumladan, qurilish, qishloq xo`jaligi va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini Xitoy bozoriga etkazib berish juda muhim ekani qayd etildi.
Hududlararo hamkorlikning muhim yo`nalishlarini belgilab beradigan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xunan provinsiyasi o`rtasidagi hamkorlik bo`yicha memorandum o`zaro ko`p qirrali munosabatlarni mustahkamlash yo`lidagi birinchi amaliy qadam bo`ldi.
Tashrif davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi ishbilarmonlari bilan Xunan provinsiyasi kompaniyalari o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi. Bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi, ikki hududning xo`jalik yurituvchi sub`ektlari o`rtasida eksport va import shartnomalari imzolandi. Jumladan, Qoraqalpog`istonda talab yuqori bo`lgan va eksportga yo`naltiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologik uskunalar, Xitoyga shirinmiya etkazib berish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan artemiya sistalarini eksport qilish bo`yicha shartnomalar imzolandi.
Xitoyning 20 dan ortiq korxona va kompaniya rahbarlari bilan o`tkazilgan muloqotda Qoraqalpog`istonda qamishni qayta ishlash va qog`oz ishlab chiqarish bo`yicha yirik zavod qurilishiga investisiya kiritish bo`yicha kelishuvga erishildi. Xitoydagi “Fen shi”, “Min Dao”, “De Nun” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari ta`sischisi Ma Lumin Qoraqalpog`istondagi xomashyo bazasini o`rganib, bu erda qog`oz ishlab chiqaruvchi uchta zavod qurilishiga 60 million dollar miqdorida investisiya kiritish bo`yicha qaror qabul qilinganini ma`lum qildi.
O`zA xabariga ko`ra, bundan tashqari, "Hunan Runwo Biotechnology Co. Ltd" va "Fenghui Biotechnology Co. Ltd" kompaniyalari bilan Qoraqalpog`iston Respublikasining sho`rlangan erlarida innovasion texnologiyalarni qo`llash sohasida hamkorlik bo`yicha memorandum imzolandi.
28.04.2018 04:52
“O`zbekiston” xalqaro ko`rgazmada Gran-prini qo`lga kiritdi






