Samarqand shahrida ilk bor 2015 yil 1 may kuni favvoralar sayli o`tkazilgan edi. Shundan buyon bu tadbir an`anaga aylanib, har yili keng nishonlanmoqda, deb yozadi O`zA.
Bugungi kunda qadimiy va hamisha navqiron shaharda 31 ta nurli, 2 ta nurli-musiqali, 2 oddiy favvora mavjud.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, favvoralar sayli Samarqand shahridagi Ko`ksaroy va Teatr maydonlarida, Amir Temur nomli, Universitet xiyobonlarida, Islom Karimov haykali o`rnatilgan maydonda, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari o`rnatilgan hududda, “Shoirlar bog`i” va Samarqand temir yo`l vokzali maydonidagi favvoralar atrofida o`tkaziladi.
Soat 16.00 dan boshlab ushbu maskanlarda taniqli san`atkorlar, yosh ijrochilar, badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari ta`minlanadi. Opera va balet sahnalari ko`rinishlari ham namoyish etiladi, ommaviy raqs, turli viktorina va tanlovlar, bellashuvlar o`tkaziladi. Xalq sayllari tashkillashtiriladi.
Tadbirlar jarayonida favvoralar atrofida taniqli musavvirlar yosh rassomlar uchun master-klasslar o`tadi, mavzuga oid rasmlar ko`rgazmalari namoyish etiladi.
01.05.2018 13:32
Bugun Samarqandda favvoralar sayli o`tkaziladi






