Har yili 23 aprel kuni Turkiyada “Milliy suverenitet va bolalar bayrami” sifatida rasman nishonlanadi.
Ushbu bayram tantanalari doirasida Turkiya Davlat tele-radio kompaniyasi “TRT” tomonidan so`ng 40 yildan buyon har yili 23 – 25 aprel kunlari Xalqaro bolalar bayrami festivali tashkil etib kelmoqda. Bu yil mazkur tadbir Bursa va Anqara shaharlarida dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan taklif etilgan bolalar va o`smirlar badiiy guruhlari ishtirokida bo`lib o`tmoqda.
O`zA xabariga ko`ra, O`zbekistondan bu festivalda “Marvarid” bolalar guruhi qatnashmoqda. Bolajonlarimiz o`zlarining quvonch va samimiyatga to`la chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilarining olqishlarini olmoqdalar. Milliy va zamonaviy, xalqaro va mintaqaviy musiqa hamda raqs san`ati namunalari, o`zbekona kiyimlar, urf-odatlarni go`zal shaklda namoyish etgan o`g`il-qizlarimiz O`zbekiston bayrog`ini mazkur xalqaro tadbirlarda baland ko`tarmoqdalar.
Ma`lumot uchun: butun mamlakatda har bir oila xonadoni tashqarisiga Turkiyaning qirmizi bayrog`ini osib qo`yadi, respublikada dam olish kuni bo`lib, parlament va boshqa rasmiy idoralarda tegishli tantanali tadbirlar o`tkaziladi. Bu bayram Turkiya respublikasi parlamenti - Buyuk Milliy Majlisning 1920 yil 23 aprelida Anqaradagi eng birinchi yig`ilishiga bag`ishlangan. Millat kelajagi o`sib kelayotgan avlodga bog`liqligini ta`kidlagan Otaturk vasiyatiga ko`ra, bu kuni katta rahbarlar o`z amal kursilarini ramziy ma`noda bolalarga bo`shatib beradilar. Bayram kuni butun mamlakat bo`ylab bolalar va o`smirlar uchun teatr va konsertlar namoyish qilinadi.