1

Shavkat Mirziyoev Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi

Siyosat 05.05.2018, 08:08
Shavkat Mirziyoev Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbatda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko`p qirrali O`zbekiston-Qozog`iston hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy iroda va bir-birini qo`llab-quvvatlash tufayli O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarda mavjud ulkan salohiyat to`liq ro`yobga chiqayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Hamkorlikning erishilgan yuksak darajasi qardosh mamlakatlar va xalqlar sherikligining yorqin namunasi ekani alohida qayd etildi.

Qisqa muddatda hamkorlikning barcha yo`nalishlari bo`yicha ulkan natijalarga erishildi. Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor 2018 yil Qozog`istonda O`zbekiston yili deb e`lon qilindi, 15 mart kuni Ostonada uning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Savdo-iqtisodiy, investisiya, energetika va transport-kommunikasiya sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. O`zaro savdo hajmi izchil o`sib, iqtisodiyotning turli sohalarida kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Hududlar va ishbilarmon doiralar o`rtasidagi aloqalar faollashdi. Aviaparvozlar soni, avtomobil va temir yo`l tashuvlari, avtobuslar qatnovi ko`paydi. Madaniy-gumanitar va sayyohlar almashuvi kengaymoqda.

Shu haqda so`z borar ekan, qo`shma loyiha va dasturlarni ilgari surishnig samarali mexanizmi bo`lgan Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya faoliyati amaliy natijalar berayotgani ta`kidlandi.

Suhbatda Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida yaxshi qo`shnilik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Joriy yil mart oyida Ostonada bo`lib o`tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida serqirra hamkorlikni kengaytirish hamda ko`p asrlik do`stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida qat`iy azmu shijoatga ega ekanliklarini ta`kidladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1