AsosiyShou-biznes

​"Qiz farzand ko`rish istagim ham amalga oshadi..."

'​"Qiz farzand ko`rish istagim ham amalga oshadi..."'ning rasmi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ulug`bek Rahmatullaev va Ziyoda Qobilovalar juda ko`p duet kuylashgan. Tabiiyki, hamkorlik davrida turli savollar ham tug`iladi. Anglaganingizdek, ikki ijodkorning o`zaro kichik intervyusini e`tiboringizga havola etamiz.

Avval, Ulug`bek Rahmatullaev Ziyoda Qobilovaga savollarini taqdim etdi.

— Oilangizda qizlar ko`pligini bilaman. Bugun esa ikki o`g`il farzandning onasisiz. Aytingchi, o`g`il bolani tarbiyalashda qiynalmayapsizmi? Nimalarga ko`proq ahamiyat beryapsiz?

— Kenjamiz hali kichkina, lekin katta o`g`lim Komron doim o`z aytganini qildirgisi keladi. Lekin u aytgan hamma narsani muhayyo qilish to`g`ri emasligini bilamiz va iloji boricha qattiqqo`lroq bo`lishga harakat qilamiz. Ammo u gap-so`zlari bilan bizni “eritishni” biladi. Bola besh yoshgacha podshoh, deyishadi. Erkalik qilib tursin, keyin qat`iyroq bo`lamiz.

— Sizni Umida Mirhamidovaning shogirdi deyishadi, shu rostmi? Va qachon ular bilan duet kuylashni rejalatirgansiz?

Ha, Umida Mirhamidova ustozim, qo`limdan tutib san`at yo`liga boshlaganlar. Duetga kelsak, “Oq atir gullar”ni birgalikda “Mening yurtim” telekanalining loyihasida ijro etgan edik. Xabaringiz yo`q, shekilli. Kelajakda yana hamkorlik qilish niyatimiz bor...

— Aytingchi, ayollarning hammasi ekstremal sport turlariga o`ch bo`lishadimi yoki faqat mening rafiqamda shundaymi? Doim parashyutdan sakraylik deyaveradi-da...

— Boshqalarni bilmadim-u, lekin men balandlikdan sakrash, tez yuruvchi attraksionlardan qo`rqaman. Nazarimda, bu odamning xarakteridan kelib chiqqadigan qiziqish bo`lsa kerak.

— Shaxsan men, san`at va ish deb bolalarimning yonida ko`p bo`la olmayotganimdan achinaman. Sizda ham shundaymi?

— Hamma ota-ona farzandi bolaligida ko`proq yonida bo`lgisi keladi. Lekin san`atkorning ishida tartib yo`q. Bu aksariyat hamkasblarimizni qiynayotgan muammo. Ona sifatida bolalarimning yonida ko`proq bo`lishga harakat qilaman. Shu sabab farzandimiz bittaligida o`zimiz bilan olib yurardik. Hozir ikkita bo`lgani uchun birga olib yurishimiz qiyin. Lekin shunday bo`lsa-da, ular bilan o`ynashga, bo`sh vaqtim bo`lganda, dam olishga birga borishga harakat qilaman.

— Ayni paytda qaysi orzuingizni amalga oshirishni istayapsiz?

— Shukr, orzularimga erishib kelyapman, qiz farzand ko`rish istagim ham amalga oshadi deb niyat qilaman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar