Hindistonning «Indira Gandi» nomidagi milliy madaniyat markazi ilmiy rahbari professor Mansura Haydar Samarqandda o`tkazilgan “O`rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`lgani uchun Islom Karimovga minnatdorchilik bildirdi. Tashakkurnoma O`zA saytidan e`lon qilindi.
“O`rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish imkoniga ega bo`lganim uchun O`zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizni va O`zbekiston ilmiy jamoatchiligini yuksak saviyada tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman muvaffaqiyatli o`tgani bilan tabriklayman. Xalqaro ilmiy jamoatchilik g`oyat foydali va muhim tashabbuslardan biriga aylangan bunday konferensiyani ko`pdan buyon sabrsizlik bilan kutgan edi. Forum dunyo mamlakatlari ilm-fan vakillarini Markaziy Osiyo olimlarining ulkan ilmiy va tarixiy merosining hali ochilmagan sahifalarini o`rganish maqsadida bir joyga to`pladi.
Siz o`zingizning teran ma`noli ilmiy nutqingizda mening ilmiy faoliyatimni lutfan eslab o`tdingiz. Bu men uchun katta sharafdir. Markaziy Osiyo, xususan, O`zbekistonni o`rganishga bag`ishlangan yarim asrlik faoliyatim davlat rahbari tomonidan e`tirof etilgani va yuksak baholanganidan men nihoyatda mamnunman va buning uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Boy o`tmishga ega va bugun taraqqiy etib borayotgan buyuk mamlakatingiz butun Osiyo dovrug`ini keng yoyishga ulkan hissa qo`shgan va qo`shmoqda. Hind xalqining buyuk farzandi Javoharla`l Neru Sharq Renessansi haqida gapirganda har doim Markaziy Osiyoni nazarda tutgan. O`z faoliyatini 1969 yildan buyon Markaziy Osiyo va O`zbekiston bilan bog`lagan olim sifatida ushbu mintaqa ilm-fani va madaniyati doimo meni maftun etib keladi. Markaziy Osiyo allomalari va mutafakkirlarining jahon sivilizasiyasi taraqqiyotiga qo`shgan bebaho hissasini o`rganish va qayta tiklashga o`zimning arzimas ulushimni qo`shganimdan baxtiyorman.
Markaziy Osiyo haqida 230 ilmiy maqola va 15 kitobim chop etilgan. Ayni paytda Markaziy Osiyo to`g`risidagi Qisqacha ensiklopediya ustida olib borayotgan ishimni nihoyasiga etkazish arafasidaman. Siz O`zbekistonda buyuk ajdodlaringiz merosini o`rganish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarga rahnamolik qilayotganingiz har qancha tahsinga sazovordir, bu meni ham yangi-yangi ilmiy izlanishlarga ruhlantiradi. Sizning g`amxo`rligingiz va e`tiboringiz bizning Markaziy Osiyoni yanada chuqur o`rganishga qaratilgan ishlarimizga yangi kuch bag`ishlamoqda. Zero, o`z ajdodlari va olimlarini qadrlagan davlat, albatta, ravnaq topadi.”