AsosiyJamiyat

Mark Riss: Abdulla Qodiriy haqida badiiy film suratga olmoqchiman

'Mark Riss: Abdulla Qodiriy haqida badiiy film suratga olmoqchiman'ning rasmi

Mark Riss — AQShning Vashington universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan o`zbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” bo`yicha ta`lim olgan.

U 23 yillik ish faoliyatini Markaziy Osiyoda “Tinchlik korpusi” ko`ngillisi sifatida boshladi. 1994 — 1997 yillarda O`zbekistonda ishladi. Termiz, Samarqand, Qo`qon shaharlarida ingliz tilidan bolalarga dars berdi va o`qituvchilar malakasini oshirish dasturlarida ishtirok etdi.

Atoqli o`zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qildi. Ayni paytda Tennesi shtati Neshvil shahrida toshkentlik rafiqasi va o`g`li bilan yashaydi.

“Xalq so`zi” gazetasi maxsus muxbiri AQShda ijodiy safari davomida Mark Riss bilan uchrashib, suhbatlashdi. Muloqot esa o`zbek tilida bo`lib o`tdi.

— Mamlakatingizda bir necha yil davomida haqiqiy o`zbeklardek yashaganman, — deya gap boshladi mezbon. — Xalqingizning mehmondo`stligi, boy madaniyati, hech qaysi mamlakatlarda uchramaydigan, faqatgina o`zbeklarga xos bo`lgan noyob urf-odatlar meni o`ziga rom etgan.

— O`zingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz. Qanday sabab bilan O`zbekistonga borgan edingiz?
— 7-sinfda o`qiyotganimda, Darz Bergor ismli o`qituvchim hayotimda muhim rol o`ynadi. U 1963-1964 yilda Afrikaning Gana davlatida tinchlik korpusida ishlagan edi. Unga havas qildim. Shu sohada ishlashni niyat qildim. O`sha o`qituvchim Sovet ittifoqi tarqab ketgandan so`ng, uning tarkibida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda juda ko`p mamlakatlar borligi, AQSh ular haqida deyarli ma`lumotlarga ega emasligini aytdi. Shimoliy Arizona Universitetining ingliz tili yo`nalishi bo`yicha tahsilni tamomlagach, Tinchlik korpusining markaziy shtabiga borib o`z takliflarimni va Markaziy Osiyoda shu sohada ishlash niyatim borligini aytdim. Ikki haftadan so`ng taklifnoma keldi. Unda hatto O`zbekistonning joylashgan hududi Shimoliy Pokiston, deb noto`g`ri ko`rsatilgan edi. Shunday qilib, 1994 — 1997 yillarda tinchlik korpusida ishladim. Avvalo, Samarqandda o`zbek tilini o`rgandim. Keyin Qo`qon shahridagi 23-maktabda ingliz tilidan bolalarga dars berdim. Qo`qon shahri mening hayotimda eng yorqin iz qoldirdi. Chunki, qadimiy shahardagi asl o`zbekona urf-odatlar, tarixiy qadamjolar menga juda yoqqan. Ayniqsa, Qo`qon shahridagi o`zbek oilasida ikki yil davomida yashaganim o`zbek tilini mukammal bilib olishimda tamal toshini qo`ydi.

— Bizning sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilibsiz. Bunga nima turtki bergan edi?
— 1997 yilda tinchlik korpusidagi faoliyatim nihoyasiga etib AQShga qaytdim. Vashington Universitetida “Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan, o`zbek tili, jadidchilik va Islom fiqhi” bo`yicha magistrlik maqomini oldim. 2000 yilda jonajon vatanimdek bo`lib qolgan O`zbekistonga borib aspiranturadagi ilmiy ishimga mavzu topish bahonasida qadrdonlarim bilan ko`rishish ishtiyoqi paydo bo`ldi. Ilmiy rahbarim professor Ilza Sirtautas xonimdan ruxsat so`raganimda, u: “O`tkan kunlar” asarining uch bobini tarjima qilsang, aspiranturani bitirgan bo`lasan”, deb shart qo`ydi. Men rozi bo`ldim. Shu bahonada asarni to`liq tarjima qilishga erishdim.

Tarjima jarayonida har gal biror so`z va asardagi voqelikni ingliz tilida qanday bayon qilish ustida bosh qotirsam professor Ilza xonim ko`z o`ngimda gavdalanadi. Chunki u tarjima san`ati har qanday izlanishdan ko`ra mashaqqatli ekanligini yaxshi anglagan. Yillar davomida tarjima jarayonida har bir sahifada yaxlit bir ilmiy ish qilayotganimni his qilganman. Tarjimaga qo`l urishdan avval asardagi o`sha davr tarixi, ijtimoiy-siyosiy vaziyat, urf odatlarning turkiy xalqlar oilalaridagi o`rni haqida batafsil ma`lumotlarni o`rganib chiqdim. Bu odatlarga Qo`qonda o`zbek oilasida yashaganimda ko`p marta duch kelganman. Masalan, asarda kelinning choy uzatishi, ota-ona va farzandlar suhbatidagi muomala odobi, andisha, lutf, mehmon kelishiga tayyorgarlik ko`rish... hammasini avvalo to`liq his etdim.

Keyin birinchi ishni Toshkentdagi Abulqosim madrasasi bilan hamkorlik o`rnatishdan boshladim. Abdulaziz Muhammadkarimov kerakli, lug`atda yo`q so`zlarning mazmunini tushuntirishda, beradigan ikkinchi ma`nolari va etimologiyasini anglatishda juda katta yordam berdi. Madrasadagi Qahramonshoh Ismoilov, Kamoliddin Mirzaevlar esa asarga chiziladigan suratlarda ko`mak qo`lini cho`zishdi. Afg`oniston safarida 1907 yilda bosmadan chiqqan ikki tomli O`zbek tilining izohli lug`atini sotib olgandim. Tarjima jarayonida ana shu lug`at ko`p tarixiy so`zlarga asos bo`ldi. Har kuni ishdan keyin bir betga 8 soatdan vaqt sarfladim. Rafiqam Elenaga rahmat deyman. O`zbek tilini yaxshi biladigan bu ayol men bilan birga tajimonlik qildi, desam adashmayman. Tarjimani 2005 yilda O`zbekistonda boshlab 2017 yilda AQSh da tugatdim. Indiana Universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan toshkentlik olima Umida Hikmatullaeva kitobga muharrirlik qilgan.

Men o`zim va tarjimamni asar qahramoni Otabekka qiyoslayman. U Marg`ilon — Toshkent o`rtasida ishq tufayli qatnaganidek, men ham Amerika va O`zbekiston o`rtasida “O`tgan kunlar” asariga bo`lgan muhabbatim sabab ko`p bora kelib-ketib yurdim.

Ushbu asar tarjimasi bilan to`xtab qolmoqchi emasman. Endi Abdulla Qodiriyning o`z hayotini, ijod maktabi haqida ssenariy yozib, badiiy film olmoqchiman. Chunki, Markaziy Osiyoda qanday buyuk ijodkorlar, qalam ahli borligini, ular har qanday og`ir kunlarda ham o`z maqsadlari, orzu umidlaridan, xalqidan voz kechmaganliklarini butun dunyo, jumladan, amerikaliklar ham katta ekranlar orqali bilishini juda-juda istayman.

    Boshqa yangiliklar