1

Ramazon oyi barchamizga muborak bo`lsin!

Hidoyat sari 16.05.2018, 15:18
Ramazon oyi barchamizga muborak bo`lsin!

Muborak Ramazon oyi kirib kelmoqda. Bizlarni ushbu ulug` kunlarga etkazgan Alloh taologa shukronalar bo`lsin. Xalqimiz uchun mehr-shafqat, saxovat va muruvvat, qanoat va shukronalik, jamiyatimizda mehr-oqibat, o`zaro hurmat va hamjihatlik ramzi bo`lgan bu muborak oy barchamizga qutlug` bo`lsin!

Azal azaldan ota bobolarimiz bu oyni orziqib kutishgan, bu oyni so`ngini ko`zda yosh bilan kuzatishgan, Yaratgan kelasi Ramazonga etkazarmikin, gunohlardan poklovchi bu oyda savobli amallarni qilish yana menga nasib etarmikan degan o`yda bo`lishgan. Alloh taolo bizlarni shunday kunlarga yaqinlashtiryapti ekan, bu kunlarni g`animat bilishimiz lozim.

Ramazon poklanish oyi. Ya`ni, ro`zadorda ruhiy axloqiy tozalanish bo`ladi. Sahardan shomgacha eb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr­-qanoat tuyg`usi ortadi. Irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo`lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g`iybatdan, behuda gap-so`zlardan tiyadi. Ko`ngillaridan hasadu g`arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e`tiborli, rahm-shafqatli bo`lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma`rifat, mag`firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo`shib aytiladi.

Hujjatul Islom Imom G`azzoliy ta`rificha: “Ro`za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da`vat, gunohlardan saqlanish”, demakdir. Islomning besh ustunidan biri bo`lmish ro`za tufayli o`zaro ahillik, totuvlik, bag`rikeng­lik tuyg`ulari kuchlanadi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi. Ro`zador ushbu amallarga alohida e`tibor berishi kerak:

— biror kishi uni haqoratlasa yo urishsa, “Men ro`zadorman”, deyish;

— quyosh botishi bilan tezda, shom namozini o`qishdan oldin biror narsa (suv, xurmo) bilan og`izni ochish;

— og`izni ochishda rivoyat qilingan duolar bilan duo qilish;

— ortiqcha gap, lag`v so`zlardan tilni tiyish;

— ro`zani buzmaydigan, ammo huzurbaxsh, nafsni taltaytiradigan narsalarni tark etish;

— oila a`zolari va qarindoshlarga kengchilik bilan muruvvat qilish. Beva-bechora, etimlar va kambag`allarga xayr-ehsonni ko`paytirish;

— Qur`on qiroati, zikr va salavotlarni ko`paytirish.

“RAHMAT OYI RAMAZON” kitobidan

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1