Prezidentimiz Islom Karimov 18 iyul kuni poytaxtimizning Minor mavzesidagi yangi masjid binosiga tashrif buyurdi va qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari bu erda mohir quruvchi va ustalarning faoliyati bilan tanishar ekan, amalga oshirilgan keng ko`lamli qurilish va obodonchilik ishlari haqida fikr bildirdi, majmuani yanada takomillashtirish bo`yicha ko`rsatma va tavsiyalar berdi.
Islom Karimov mazkur qadamjo atrofida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini ham sinchiklab ko`zdan kechirdi. Har bir daraxt, har qaysi maydon, favvora va yo`lak shaharsozlikning eng yuksak talablariga uyg`un bo`lishi zarurligini uqtirdi.
Hozirgi vaqtda ushbu hududdan oqib o`tadigan Anhor va uning atrofidagi joylar obodonlashtirilib, poytaxt qiyofasiga alohida ko`rk va chiroy bag`ishlamoqda.
Bu ishlarning barchasi shahar aholisi va mehmonlarining go`zallikdan bahra olib, mazmunli dam olishlari, bir so`z bilan aytganda, el-yurtimizning ma`naviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
Prezidentimiz bunday muqaddas joylarda avvalo pok niyat, sof intilish bilan ish olib borish, har bir g`ishtni qo`yishda etti o`lchab bir kesish kerakligini, toki biz bunyod etgan muhtasham imoratlar asrlar davomida avlodlarimizga hayrat va g`urur-iftixor bag`ishlab turishi zarurligini alohida ta`kidladi.