O`tgan yili Ohangaron tumanining Ovjazsoy qishlog`ida topilgan ulkan jonivor Toshkentdagi Geologiya muzeyida saqlanmoqda.
“Xalq so`zi” gazetasining xabar qilishicha, mazkur noyob topilma ustida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar davomida u chindan ham mamontlar o`tmishdoshlari — arxidiskodonlarga tegishli ekani tasdiqlangan.
“Ayni paytda O`zbekiston Milliy universiteti hamda Geologiya muzeyi geolog-paleontologlari tomonidan topilmaning aynan qaysi davrlarga oidligini aniqlash ustida ish olib borilmoqda”, deyiladi xabarda. Dastlabki xulosalarga ko`ra, uning yoshi taxminan 1,2-1,8 million yilga teng bo`lishi mumkin.
“Ilmiy tadqiqotlar barobarida, topilmani imkon qadar asl holiga keltirish va yaxshi saqlanishi uchun maxsus ishlov berishga harakat qilayapmiz”, — deydi muzey direktori Ahmadjon Ahmedshoev.
Eslatib o`tamiz, muzey tashrif buyuruvchilari eksponatni joriy yil oxirlarida tomosha qilishlari mumkin bo`ladi.





