Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida ma`lum qilingan.
Ushbu Qonun loyihasi bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi va Fuqarolik kodekslariga, “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi va “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi qonunlariga quyidagi mazmundagi o`zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda:
ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to`sqinlik qilish, shuningdek jurnalistning professional faoliyatini himoya qilish to`g`risidagi qonun hujatlarini har qanday shaklda buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik o`rnatish;
fuqaroning tasvirini himoya qilish, tasvirdan egasining roziligisiz foydalanish mumkin bo`lgan holatlarni belgilash;
ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy munosabatlarga bevosita aloqador ma`lumotni oila a`zolari roziligisiz tarqatishni ta`qiqlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi yoki unda ishtirok etuvchi organlar tomonidan g`ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo`lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar haqida ommaviy axborot vositalarida ma`lumot tarqatish huquqini mustahkamlab qo`yish.