AsosiyJamiyat

Ozodlikda yurgan «Hizbut tahrir»chi bilan suhbat

'Ozodlikda yurgan «Hizbut tahrir»chi bilan suhbat'ning rasmi

Minbarda komissiya a`zolari, o`rtadagi stulda “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik oqimiga aralashib, jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan 18.5 yil panjara ortida umrini hazon qilgan erkak. U 44 yoshda. Bugun oilasi davrasiga qaytgan. Ozodlikdan mahrum etilganda 4 yosh bo`lgan farzandi bugun 21 yoshli yigit, uylanish arafasida. Salkam 19 yil ichida uning ayoli ikki o`g`lini yolg`iz katta qildi.

Stulda huddi mahbuslardek boshini egib o`tirgan kishiga qarab, o`ylayman... Farzandlari “Otam qani», deb onasini necha bor qiynadi ekan. Hovlilari nurab ketgandir, turmushning og`ir kunlarini yolg`iz boshi bilan qarshi olgan ayoliyam zaiflashib, keksayib qolgandir... Bugun oilaning kattasi uyga qaytgan-u, biroq begonadek. Komissiya uni suhbatga tortadi:

— Qilgan qilmishingizdan afsusdamisiz?

— Yo`q, fikrlarimni xato deb bilmayman.

— Shuncha, umringizni zoe o`tkazdingiz «Hizbut-tahrir»dan qaytmadingizmi?

— Qaytmadim. Men o`z g`oyalarimni to`g`ri deb bilaman.

— Qasam ichganmisiz?

— Ha, dorisman.

Komissiya a`zolari orasida din bo`yicha mutaxassis unga yuzlanadi:

— Birinchi nozil bo`lgan surani bilasizmi?

— Yo`q, o`qimaganman...

— Birinchi nozil bo`lgan buyruqni, kalomni bilasizmi?

— Ha, “Iqro”

— Ha, “Iqro” “O`qi” degani siz shu birinchi nozil bo`lgan buyruqqa amal qildingizmi?

— Yo`q...

—Ota-onangiz ham sizni diniy qarashlaringizni qo`llab-quvvatlaydimi?

— Yo`q.

— Demak, ota-onangiz sizdan norozi, shu to`g`rimi?

—Ular meni diniy qarashlarimni tushunishmaydi.

— Qanday diniy kitobni o`qigansiz?

—....

— Bizning qaysi ulamolarimiz «Hizbut tahrir» oqimida bo`lgan? Al-Buxoriy risolalarida «Hizbut tahrir» haqida bironta fikr uchramaydi. Sizni hozirda erkinlikda yurib, Allohning 5 farzini bajarishingizga nima, kim to`sqinlik qilyapti?

— Hech kim halaqit qilayotgani yo`q.

— O`zingiz o`ylang, salkam 19 yil umringizni qamoqda o`tkazdingiz. Shu vaqt ichida ozodlikda yurib ko`proq yaxshilik qilishingiz mumkin edi. Ota-onangiz tirik ekan ularning xizmatlarini qilib savob olishdek imkoniyatga egasiz. Bugun, «Hizbut tahrir» fikrlardan qaytmagan bo`lsangiz, bizni gunohkor adashgan bandalar, deb bilsangiz ham biz sizga yordam qo`lini cho`zamiz. Keling shu g`oyalaringizdan voz keching. Masjidga kelib istasangiz, islom dini mutaxassislarimizdan ilm oling. Haqiqiy islomni anglang.

— Yo`q, qasamimdan voz kecha olmayman.

Suhbat davomida din mutaxassislari Nodirga (ismi o`zgartirilgan) adashib, noto`g`ri ichilgan qasamdan qaytish va uning kaforati haqida tushuntirdilar. Biroq, Nodirning o`zi shu xonada-yu, uning hayollari hamon o`sha oqimning g`oyalari bilan banddek edi, nazarimda.

Komissiya a`zolari orasida bo`lgan Toshkent shahar otinoyisi ham erkakning oilasi va farzandlari bilan qiziqadi. Savollarga beparvo javob qaytargan Nodirning ertasi kuniga ham katta umid va yaxshi rejalar bilan qaramayotganini sezish mumkin edi.

Komissiya a`zolari yana ancha pand nasihat qildi. Uni ishga joylashda, davolanishda davlat ko`maklashishga tayyorligini aytdi. Hayotda nimadan norozligi so`raldi. Qanchalar urinilmasin bu inson o`z fikridan, ongiga allaqachonlar o`rnashib bo`lgan g`oyadan qaytmadi.

Minbarda o`tirgan komissiya a`zolari va chetdagi adashgan fuqaro o`rtasida qalin ko`rinmas devor borligi sezilib turardi, u suhbat so`ngigacha saqlanib qoldi. Komissiya a`zolari orasida o`tirgan suhbatni kuzatgan psixologlarning fikricha ular yo`ldan adashgan, umrini eng navqiron qismini panjara ortida o`tkazgan, atrofidagilardan, jamiyatdan norozi toifadir. Shuning uchun, muammoga boshqacha yondoshuv kerakligini, adashgan fuqaroni alohida ajratib emas, u bilan tengma-teng o`tirib unga yaqinlashib, uning ko`ngliga yo`l topgan ma`quligini aytishdi.

Bu odamlarning ko`ngiliga yanada yaqinroq kirish ularni jamiyatimizga qaytarishda nazarimizda harakatni to`xtatmaslik kerak. Ular adashgan bo`lsa-da, shu yurtning fuqarosi, yurtdoshimiz va oramizdagi odamlardan biri. Qachonlardir biz ularga befarqlik qilib, nojo`ya tashkilotlarga aralashib qolishiga yo`l qo`yib berganmiz.

Jazoni o`tash joylaridan qaytgan fuqarolarimizga bugun mahalla, qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug`lar befarq bo`lmasligi kerak.

Xona chekkasida stolda boshini egib o`tirgan erkakning g`amgin yuzlari, jamiyatdan chetda qolganini his etib turgan ko`zlari yodimdan ketmaydi. Unda g`amginlik va shu bilan birga qaysarlikni ham sezish mumkin edi. Uningcha u faqat to`g`ri yo`lda-yu, boshqalar adashgan. U shu qaysarligi, fikriy ojizligi tufayli 19 yillik umrini panjara ortida o`tkazdi. Jazo muddatini o`tash hududida u yorug`, erkinlikdagi hayotdan allaqachon umid uzganini aytadi. Lekin, jamoatchilik undan voz kechmadi, unga yordam qo`lini cho`zmoqda. Uni yana oilasi bag`riga qaytishga imkon berdi...

Toshkentning “Shayh Zayniddin” jome` masjidida Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Shuhrat Turdiqulov va masjidning din ulamolari, otinoyilar 159-modda bilan ozodlikdan mahrum etilib, jazoni o`tab kelgan fuqarolar bilan bo`lgan uchrashuvdan. Mazkur suhbat «Hokimning bir ish kuni» loyihasi asosida tayyorlandi.

Anora Sodiqova, O`zA

    Boshqa yangiliklar