Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida yashovchi Anastasiya Sinitsina "Rapido Pro" lotereyasida sun’iy intellekt yordamida 36 million rubldan ortiq mablag‘ yutdi. Bu haqda "Stoloto" kompaniyasi xabar berdi.
"Stoloto" ma’lumotiga ko‘ra, dastlab qiz mobil ilovani yuklab olib, biletlar raqamini tavakkal belgilab xarid qilib yurgan. Keyinroq esa raqamlar kombinatsiyasini tanlashda neyrotarmoqqa murojaat qilishga qaror qilgan. Sun’iy intellekt unga birinchi qator kataklari uchun — 18, 20, 3, 9, 5, 14, 12, 7 raqamlarini; ikkinchi qator uchun — 2 raqamini belgilashni tavsiya etgan. Bu kombinatsiya 325 497-sonli tirajda unga 36 151 743 rubllik superyutuqni olib keldi. Bu hozirgi valyuta almashuv kursida 441 924 dollarga teng bo‘ladi.
Shuningdek, Anastasiya bir goroskopni o‘qiganini, u yerda uning burji uchun aynan "Rapido Pro" lotereyasida omad kulib boqishi mumkinligi yozilganini aytdi.
Anastasiya yutuqdan olingan pullarni uy sotib olish, onasiga ta’mirlash ishlarida yordam berish, Xitoyga sayohat qilish, shuningdek, noutbuk va maishiy texnika xarid qilish uchun sarflashni rejalashtirmoqda.
2025-yil 20-aprel kuni “Milliy Lotereya” matbuot xizmati ma’lum qilishicha, “Mechtallion” deb nomlangan ilk tirajda o‘n nafar rossiyalik 10 million rubldan yutib olgan. Yana 17 kishi har biri 1 million rubllik sovringa ega bo‘lgan.
“Bugungi kunda flagman loyihamiz tarixida 100 million rubl jami 11 marta o‘ynaldi (2022-yil oktyabridan buyon)”, — deyiladi “Milliy Lotereya” matbuot xizmatining bayonotida.
Abdulloh Sayyid