1

Prezident videoselektor o`tkazdi: byudjet tushumlari va narx-navo masalasi muhokama qilindi

Siyosat 06.06.2018, 09:39
Prezident videoselektor o`tkazdi: byudjet tushumlari va narx-navo masalasi muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 5 iyun kuni hududlarda byudjetga qo`shimcha tushumlar va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish orqali narxlar barqarorligini ta`minlash, inflyasiyaning oldini olishda mahalliy ijro hokimiyati organlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining shaxsiy mas`uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Majlisda Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, vazirlik va idoralar, kompaniyalar, xo`jalik birlashmalari, banklar rahbarlari, videokonferensiya orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 iyunda qabul qilingan “Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish imkonini bermoqda.

Joriy yilning o`tgan 5 oyida byudjetga prognozga nisbatan 2,7 trillion so`m yoki 16 foiz ko`p tushum tushirilgani shu boradagi ishlar natijasidir.

Yig`ilishda byudjetga qo`shimcha tushumlarni ko`paytirish va inflyasiya darajasi barqarorligini ta`minlash bo`yicha ishlarning mavjud holati tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi eng muhim vazifalar belgilab olindi.

Tahlillarga ko`ra, mahalliy hokimliklar, moliya-soliq organlari tomonidan byudjetga qo`shimcha soliq tushirish borasidagi rezervlar hali ham to`liq ishga solinmayapti.

Joriy yilning o`tgan 5 oyi davomida soliqlarning 60 foizini ilgarigidek 171 ta yirik korxona ta`minlab bergani buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Masalan, Qoraqalpog`iston Respublikasida jami soliq tushumining 50 foizi “O`zKorgaz” va “Ustyurtgaz” korxonalari, Navoiy viloyatida esa 75 foizi Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisobidan qoplangan.

Yig`ilishda Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu boradagi ishlar mutlaqo talabga javob bermasligi qattiq tanqid qilindi. Misol uchun, bozordagi savdo-sotiqlar orqali tushadigan mablag`lar ko`rsatkichi Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30 foizga, Sergelida 7 foizga, Yakkasaroyda 4 foizga, Yunusobodda 3 foizga kamayib ketgan.

Avtomobillarni saqlash joylarida tushum bo`yicha etarli nazoratning yo`qligi kuzatilmoqda. Buning oqibatida mahalliy byudjetlarga 18 milliard so`m tushmasdan qolgan.
Namangan viloyatining Norin va Namangan tumanlarida o`tgan 5 oy mobaynida savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisobidan to`lanadigan soliqlar miqdori kamayib ketgan. Viloyatda soliq hisobotlari to`liq tahlil qilinmagani va shu asosda tegishli chora-tadbirlar ko`rilmagani tufayli qariyb 20 milliard so`m soliq undirilmagan.

“O`rganish va hisob-kitoblar barcha hududlarda ishga solinmayotgan bunday rezervlar ko`pligini ko`rsatmoqda. Agar adolatni joyiga qo`ysak, mahalliy byudjetlarga tushum ko`p tushadi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Joriy yilda prognozga qo`shimcha ravishda 8,1 trillion so`m soliq tushirib, byudjetga jami soliq tushumini 50,2 trillion so`mga etkazish imkoni borligi ta`kidlandi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu sohada yo`l qo`yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni tezda bartaraf etish, qo`shimcha ravishda 8,1 trillion so`m soliq tushirish yuzasidan aniq ko`rsatmalar berildi. Har bir viloyat, shahar va tumanda bu boradagi ishlarni samarali yo`lga qo`yish zarurligi ta`kidlandi.

Videoselektor yig`ilishida asosiy iste`mol tovarlari narxi barqarorligini ta`minlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, fermerlar bilan takroriy ekinlardan olinadigan mahsulotlar bo`yicha shartnomalar tuzish, avans mablag`larini o`z vaqtida ajratish zarurligi ta`kidlandi.

Ozuqabop ekinlar ekish, parvarishlash va etishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig`ib olish, g`alladan bo`shagan erlarga peshma-pesh takroriy ekinlar ekishni uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida tegishli vazifalar belgilandi.

Majlisda tegishli rahbar va mutasaddilarga 2018-2021 yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, ushbu tarmoqda rasional ozuqa bazasini shakllantirish dasturlarini ishlab chiqish, har bir hudud bo`yicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan talabni aniqlab, tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta`minlash bo`yicha ta`sirchan choralar ko`rish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1