AsosiyDunyo

Yashil Xitoy devori haqida eshitganmisiz?

'Yashil Xitoy devori haqida eshitganmisiz?'ning rasmi

Buyuk Xitoy devorini bilmaydigan odam bo`lmasa kerak er yuzida. Biroq Yashil Xitoy devorini hatto Xitoyni o`zida ham yaxshi bilmaydiganlar bor.

Xitoy Xalq Respublikasi hududlaridagi sahrolarning kengayib borishining oldini olish maqsadida hukumat “Yashil Xitoy devori” loyihasini ishlab chiqib, hayotga tadbiq etmoqda. So`nggi yillarda poytaxt Pekin va mamlakatning shimoliy hududlari qum bo`ronlaridan aziyat chekmoqda. Har yili bo`ronlar tufayli 1300 kvadrat kilometr unumdor erlar qum bilan qoplanadi. Buning oqibatida 400 millionga yaqin kishi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

b54308a76965a17c9a31219b7641c9d4.jpg

Xitoydagi qum bo`ronlari Koreya, Yaponiya va hatto AQSh g`arbiy sohillariga qadar etib borgani aytiladi. Xitoyliklar qum bo`ronlarini obrazli qilib “Sariq ajdarho” deb atashadi. Shu sababli ham “Yashil devor” loyihasi xitoyliklar omonidan “Sariq ajdarni bo`ysindirish” deyiladi. Loyiha mualliflarining fikricha, Buyuk Xitoy devori mamlakat shimoliy hududlarini ko`chmanchilardan qanday himoya qilgan bo`lsa, “Yashil devor” erlarni qum bo`ronlaridan ana shunday himoya qiladi.

Shuni ta`kidlash kerakki, mutaxassislar jahondagi ko`plab mamlakatlarda yuzaga kelayotgan sahrolanishga inson omili sabab bo`layotganini ta`kidlab kelishadi. Qishloq ho`jaligining shitob bilan rivojlanishi erlardan imkoniyatdan ortiq darajada foydalanishni taqazo etmoqda. Podalar tuyog`i ostida toptalgan o`simliklar kamayib bormoqda. O`rmonlar kesilishi oqibatida hududlar qurib ketmoqda. Shuningdek, sanoatning rivojlanishi tabiatga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

mysterious-pattern-forest-China-01-950x550-676x450.jpg

1949 yilda Xitoy hududlarining 8 foizi o`rmon bilan qoplangan edi. Sanoat rivojlanishi oqibatida yoqilg`iga talab ko`paydi. Ming-minglab gektar o`rmonlar kesilib ketdi. Aholi sonining o`sishi, qishloq ho`jaligi va sanoatning rivojlanishi suvga bo`lgan talabni kuchaytirdi. Artizan quduqlar va to`g`onlar qurilishi daryoda suvlarning kamayib ketishiga olib keldi.

Shamol tezligini kamaytirish va erlardagi eroziyaga qarshi qurashish maqsadida 13 viloyat hududlariga o`tqazilgan daraxt, buta va o`simliklardan iborat yashil belbog` – ya`ni “Yashil devor” barpo etishga kirishdi. Bu loyiha 2072 yilga qadar mo`ljallangan bo`lib, sal kam 350 ming kvadrat kilometrni ko`kalamzorlashtirishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan. Mutaxassislarning so`zlariga qaraganda, daraxtlar shamol va qum bo`ronlari harakatini tutishga xizmat qilsa, ularning ildizlari erlarni eroziyaga uchrashiga yo`l qo`ymaydi.

“Yashil devor” loyihasiga butun Xitoy halqi jalb qilingan. Qonunga ko`ra, 11 yoshdan 60 yoshgacha bo`lgan har bir fuqaro yil davomida uchtadan beshtagacha daraxt o`tkazishi shart yoki belgilangan miqdorda soliq to`lashga majbur. Shuni ta`kidlash kerakki, har yili 12 mart kuni 600 milliondan ortiq Xitoy fuqarosi daraxt o`tkazish tadbirida ishtirok etadi. Hukumat 2020 yilga borib mamlakatdagi o`rmonlar xududi qirq million gektarga etishi uchun harakat qilmoqda. Yaqin 10 yilda buning uchun 26 milliard tup daraxt o`tkazish rejalashtirilmoqda.

2003 yildan boshlab o`rmon sanoati korxonalarini tubdan isloh qilish boshlandi. Islohatlarga binoan, o`rmon hududlari dehqonlarga ijaraga berildi. Endilikda fuqarolar bu maskanlarning to`laqonli xo`jayiniga aylandilar. Chunki har kim o`zi o`tqazgan ko`chatdan xususiy mulk sifatida foydalanish yoki ijaraga berish xuquqiga ega bo`ldi. Bu o`z navbatida daraxtlarning ko`payishiga va o`rmonlarning asl holicha saqlanib qolishiga hissa qo`shmoqda. Ayrim viloyatlarda loyiha o`z samarasini bermoqda. Avvallari uylari oldini har kuni qumlardan tozalashga o`rganib qolgan kishilar endilikda bu tashvishdan qutildilar. Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, so`nggi yillarda barpo qilingan o`rmonlar yiliga 200 million tonna qumni “ushlab” qolgan. 1973 yildan shu kunga qadar Xitoydagi o`rmonlar maydoni ikki barobarga kengaygan. Yangi ming yillik boshida Xitoyda yo`qolib ketish xavfi bo`lgan o`rmonlarda mol boqish ta`qiqlandi. Biroq, ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim mintaqalarda sahrolar xududi kengayib bormoqda.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar