AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 iyun kuni Xitoyning Sindao shahrida Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbarining veb-sayti xabar berdi.

Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Prezidentligiga qayta saylangani bilan yana bir bor tabriklab, Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari O`zbekiston tashqi siyosatining o`zgarmas yo`nalishi ekanini ta`kidladi.

Bir yilda o`zaro 70 ta delegasiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o`tkazilgani aloqalarning bugungi sur`ati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o`sgan. Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz ko`p, dedi Shavkat Mirziyoev.

Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan mamnunligini ta`kidlab, mamlakatlarimiz hamkorligida ko`plab samarali loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

O`tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga o`zgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o`tishda «yashil yo`lak» tashkil etilgani natijasida O`zbekiston meva-sabzavotlarini etkazib berish qariyb 36 foiz oshdi. Rossiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Vladimir Putin.

«Lukoyl» kompaniyasi O`zbekistonga 7 milliard dollar investisiya kiritgani, joriy yil aprelda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirilgani qayd etildi. «Rosatom» Atom energiyasi bo`yicha davlat korporasiyasi bilan energetika sohasida sheriklik va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingani ta`kidlandi.

Joriy yilning kuzida O`zbekistonga oliy darajadagi tashrif kutilmoqda. Shuningdek, Toshkentda ilk bor O`zbekiston va Rossiya hududlararo forumini o`tkazish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda ushbu muhim tadbirlarni amaliy mazmun bilan boyitish, buning uchun vazirlik, kompaniya va hududlar o`rtasidagi aloqalarni faol davom ettirishga kelishib olindi.

Muloqot chog`ida tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar