Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ShHTning Sindao sammiti doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Bu =ada Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Hindiston xalqini Shanxay hamkorlik tashkilotiga to`la a`zo bo`lgani, ShHT davlat rahbarlari uchrashuvida yangi maqomda qatnashayotgani munosabati bilan tabrikladi.
Shavkat Mirziyoev mazkur uchrashuv avval erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladi.
Narendra Modi O`zbekiston Hindistonning ShHTga a`zolikka qabul qilinishini qo`llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu O`zbekiston bilan hamkorlikni ham o`zaro, ham mintaqaviy miqyosda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini qayd etdi.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan Hindiston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investisiyaviy, innovasiya va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmasevtika, turizm kabi yo`nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki davlat o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligi qayd etildi.







