O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Sindao shahrida Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G`ani bilan muzokara o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqi qardosh va qo`shni Afg`onistonda tinchlik barqaror bo`lishidan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
Joriy yil Toshkentda o`tgan konferensiyadan keyin butun dunyoda Afg`onistonda tinchlik o`rnatish bo`yicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bag`ishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yo`li muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun ayni muddaodir, dedi davlatimiz rahbari.
Ashraf G`ani ikki davlat o`rtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda jadal faollashganini qayd etdi.
O`zbekistonga tashrifim doirasida erishilgan kelishuvlar tez sur`atlarda amalga oshirilayotganini alohida ta`kidlamoqchiman. Afg`oniston masalasi bo`yicha yirik anjuman o`tkazganingiz uchun xalqimiz va hukumatimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu masalaga shaxsan e`tiboringiz siyosiy echiimlarga yo`l ochdi, dedi Afg`oniston Prezidenti.
Mamlakatimiz Afg`onistonda muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. 2002 yildan buyon Afg`onistonga elektr energiyasi etkazib berilmoqda. Surxon – Puli – Xumri yangi elektr tarmog`ining ishga tushirilishi natijasida bu quvvat yanada ortadi.
Hayraton – Mozori Sharif temir yo`lini Hirotgacha davom ettirish yana bir istiqbolli loyihadir. Bu Afg`oniston iqtisodiyotini tiklash uchun katta hissa qo`shib, mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi, yangi ish o`rinlari yaratadi.
Gumanitar aloqalar ham jonlandi. Shu yilning yanvar oyida Termiz shahrida Afg`on fuqarolariga ta`lim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afg`onistonlik yigit-qizlar ta`lim olmoqda.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikasiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.







