Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining o`n sakkizinchi majlisi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari dastlab tor doirada uchrashuv o`tkazdi.
Majlisni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochdi.
Sammitda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi. Xitoyning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida samarali ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.
«Ko`rkam Sindao shahrida o`tayotgan ushbu sammit “Shanxay sakkizligi” rahbarlarining ilk uchrashuvi sifatida tarixda qoladi. Bu chuqur ma`noga ega, chunki aynan “8” raqami xitoy xalqida omad va taraqqiyotni anglatadi.
Tashkilotimiz qisqa davrda bir yarim milliard odamga ko`paydi, uning iqtisodiy va intellektual salohiyati salmoqli darajada kengaydi», dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari ShHTning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirish, Evroosiyo qit`asi xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini ta`minlashning muhim mexanizmi sifatidagi roli kuchayib borayotganini ta`kidladi. Hindiston va Pokistondek qudratli davlatlarning ShHT faoliyatida to`la huquqli a`zo sifatida qatnashishi keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
Tashkilotning asosiy maqsadlariga erishish Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga bevosita bog`liq. O`zbekiston Prezidentining tashabbusi va siyosiy irodasi bilan qisqa vaqtda bu mintaqadagi o`tkir muammolar, jumladan, chegara, savdo, transport va suvdan foydalanish masalalari hal etildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlashning muhim shartlaridan yana biri Afg`onistonda tinchlikka erishish, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko`maklashish bo`lib qolmoqda. Bu masala ham O`zbekiston rahbariyatining doimiy e`tiborida bo`lib kelmoqda. Yaqinda Toshkentda o`tkazilgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya ham mojaroni tinchlik yo`li bilan hal etish yo`lida muhim muloqot maydoni bo`ldi.
«Afg`onistondagi tinchlik – mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyot omili ekanligini juda yaxshi anglaymiz. Ishonchim komil, “ShHT - Afg`oniston” muloqot guruhi doirasida biz mazkur mamlakatning tinch taraqqiyotini ta`minlashga salmoqli hissa qo`shishga qodirmiz» dedi Shavkat Mirziyoev.
Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar o`rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz bu ulkan mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, yoshlarni ekstremizm g`oyalaridan himoyalash va boshqa dolzarb masalalar bo`yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.







