Prezident Shavkat Mirziyoev Marg`ilon shahridagi “Narimteks” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tikuvchi ayollar bilan muloqotda bo`ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Xotin-qizlarimizning hayotga munosib bo`lishida kiyinish madaniyatining o`rni katta. Libosi o`ziga yoqsa, yarashsa, ayol kishining kayfiyati yaxshi bo`ladi. Bunday chiroyli va bejirim, milliy mentalitetimizga mos kiyimlar kiygan xotin-qizlarning dunyoqarashi ham keng bo`ladi. Bu yo`nalishni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Chunki ayollarni rozi qilish davlatimizning eng katta siyosati», dedi Shavkat Mirziyoev.
2008 yilda tashkil etilgan mazkur korxona ayollar kiyim-kechaklarini tikishga ixtisoslashgan. 2012-2015 yillarda Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarish jarayoni modernizasiya qilingan. Zamonaviy bichish-to`qish, bezak berish hamda tikuv mashinalari keltirib o`rnatilgan.
Bugungi kunda bu erda ko`ylak, kostyum, kamzul, palto, kurtka kabi 20 turdan ortiq mahsulotning 1000 ga yaqin modeli ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy fasonlarga monand tayyorlangan bu liboslar yurtimiz xotin-qizlariga ma`qul bo`lmoqda.
Bundan tashqari, o`tgan yili korxonada 632 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda ushbu ko`rsatkichni 801 ming dollarga etkazish mo`ljallanmoqda.
Prezidentimiz Germaniya texnologiyasi asosida dasturlashtirilgan dekorator uskunasining ahamiyati haqida to`xtaldi. Kiyimlarning dizayni va ranglariga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.
«Xorijdan texnologiya olib kelishimiz mumkin. Lekin uni ishlatish mutaxassisga bog`liq. Shuni yaxshi tushuninglarki, kechagi bilim bilan bugungi va ertangi zamonni qurolmaymiz. Shuning uchun hamisha o`qish, o`rganiish, dizayner va ishchilarning malakasini doimiy oshirib borish zarur», dedi davlatimiz rahbari.












