Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyatida amalga oshiriladigan investisiya loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining veb-saytida xabar berildi.
Farg`ona viloyatida xorijiy sarmoyalarni to`g`ridan-to`g`ri jalb qilishga qaratilgan investisiyaviy xab tashkil etilmoqda. Xorijdagi doimiy ofislar, birodarlashgan shaharlar va yurtimizdagi chet ellik ishbilarmonlar orqali bu xabga 161 million dollardan ortiq investisiya olib kelish rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag`ni yangi korxonalar ochish va mavjudlarini modernizasiya qilishga yo`naltirib, 2 ming 700 dan ortiq ish o`rni yaratish mo`ljallanmoqda. Shuningdek, mazkur investisiyaviy xab viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar va innovasion markazlar bilan ham ishlaydi.
Prezidentimiz bu tizimni takomillashtirish, bunday xablarni boshqa hududlarda ham tashkil etish, iqtisodiy barqaror korxonalarni ko`paytirish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shu erda Farg`ona viloyatidagi sanoat korxonalariga investisiya jalb etish, bo`sh turgan binolardan samarali foydalanish, yoshlarning innovasion ishlanmalarini qo`llab-quvvatlashga oid loyihalar taqdimoti o`tkazildi.








