Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Oltiariq tumani Qapchig`oy mahallasidagi «Smart kids» maktabgacha ta`lim muassasasini borib ko`rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida ishga tushirilgan ushbu bog`cha 210 bolaga mo`ljallangan. Kichkintoylarni har tomonlama rivojlantiradigan o`yinchoq va inventarlar bilan jihozlangan. Bugungi kunda Farg`ona viloyatida 38 ta shunday zamonaviy maktabgacha ta`lim muassasasi ishga tushgan.
Shu erda maktabgacha ta`lim tizimida tatbiq etilayotgan Integrasiyalashgan monitoring elektron tizimi taqdimoti o`tkazildi. Bu tizimda mamlakatdagi har bir bolaning tug`ilishidan to voyaga etguncha bo`lgan holati, sog`ligi, rivojlanishi, o`zlashtirishi haqida ma`lumotlar jamlanadi. Shuningdek, unda tarbiyachilar, bog`chalar, ularga ehtiyoj to`g`risida ham barcha axborotlar bo`ladi.
Bu ta`lim-tarbiya tizimining asosi, o`ziga xos oynasi, dedi Shavkat Mirziyoev. Undagi ma`lumotlarni kuzatish, tahlil qilish orqali ta`lim-tarbiyada nimalarga e`tibor berishimiz kerakligini aniqlaymiz. Bizning farzandlarimiz eng yaxshi, zamonaviy sharoitlarga munosib.
Prezidentimiz ushbu elektron tizimni ma`lumotlar bilan to`ldirish, uni ta`limning keyingi bosqichlarida ham qo`llash bo`yicha topshiriqlar berdi.

+




















