Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Oltiariq tumanida Farg`ona viloyati faollari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Farg`ona viloyati sanoat tovarlari ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, xizmat ko`rsatish, aholi jon boshiga to`g`ri keladigan tovarlar va boshqa ko`rsatkichlar bo`yicha respublikadagi o`rtacha darajadan bir necha barobar orqada ekani tanqid ostiga olindi.
Biz o`zimizga juda katta yuk olganmiz. Xalqimizni rozi qilishimiz kerak. Farg`ona viloyati hamma soha bo`yicha hali o`zining yo`lini topgani yo`q. Iqtisodiyotda, maishiy hayotda ko`p muammolar to`planib qolgan. Lekin rahbar shuning uchun rahbar - masalaga echim topishi kerak. Buning uchun vatanni sevishi, o`zini qiynashi kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.
Odamlarni rozi qilish uchun ularni ish bilan ta`minlash, buning uchun investisiyalar jalb etish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha vazifalar belgilab berildi. Xususan, viloyatda 101 mingta ish o`rni yaratish imkoniyati borligi ko`rsatib o`tildi.
«Har bir oila - tadbirkor» dasturini Farg`ona viloyatida amalga oshirish uchun oilalarning tadbirkorlik imkoniyatlarini o`rganish, zarur bo`ladigan moliyaviy resurslarni hisob-kitob qilib, kamida 100 million dollar ajratish bo`yicha topshiriq berildi.
Yig`ilishda ko`rilgan masalalar bo`yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi. Aholi talablaridan kelib chiqib zarur chora-tadbirlar belgilandi.






