AsosiyJamiyat

Anvar qori Tursunovning hayot yo`li va ilmiy faoliyati

'Anvar qori Tursunovning hayot yo`li va ilmiy faoliyati'ning rasmi

Allohning qadari… Islom olami o`zining yana bir olimidan ayrildi. Ma`rifat ahli, badiyot olami mudaqqiq Navoiyshunos olimidan ayrildi. Nafaqat Toshkent, balki butun O`zbekiston o`zining notiq voizi, ma`rifat yo`lida jonkuyar tarbiyachisi Anvar qori Tursunovdan ayrildi. Bu judolikning o`rni to`lishi qiyin…

Quyida biz azizi ustozimizning hayot yo`llari va ilmiy faoliyatlari haqida ma`lumot keltiramiz:

Anvar qori Tursunov Qo`chqorovich 1958 yil 21 noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida xizmatchi oilasida tug`ildilar.

1966-1976 yillarda Hamza tumanidagi 198-umumiy o`rta ta`lim maktabida tahsil olganlar.
1981 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent islom institutini tamomlaganlar.
1981-1984 yy. – “Yoshlik” jurnalida muharrir
1984-1987 yy. – O`zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi
1987-1989 yy. – Toshkent shahar, Abdulla Qahhor uy muzeyi ilmiy xodimi
1989-1994 yy. – O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazi Sharq adabiyoti bo`yicha katta muharriri
1994-1999 yy. – Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “Yangiobod” jome masjidi imom-xatibi
1999-2015 yy. – Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Shayxontohur tumani «Xo`ja Axror Valiy» jome masjidi imom-xatibi
2015 yildan– Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Yunusobod tumani «Minor» jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib keldilar.

Shuningdek, Anvar qori Tursunov o`zlarining ko`p yillik mehnat faoliyati davomida ishdan ajralmagan holda Toshkent islom universiteti va Toshkent islom instituti, Toshkent Davlat pedagogika instituti talabalariga dunyoviy va diniy fanlardan saboq berdilar. U diniy o`quv yurtlarida olgan bilim va malakasini ziyoda etish maqsadida zamonasining eng zabardast allomalaridan ham tegishli saboqlarni olib, ularning ilmiy suhbatlaridan bahramand bo`ldilar. Jumladan, Abdulaziz qori, Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, kabi ulamolardan ilm va ma`rifat sirlarini istifoda etish baxtiga musharraf bo`lganlar.

Anvar qori Tursunov 1989-1992 yillarda Qur`oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilganlar. Anvar qori Tursunovning Ali ibn Ahmad Naysoburiyning «Asbobun nuzul» («Oyatlarning nozil bo`lish sabablari») tarjimasi, «Fazilatlar kitobi», «Inson mukarram zot» nomli kitoblari nashr etilgan. Besh yuzdan ortiq ilmiy taqriz, so`zboshi diniy-ma`rifiy maqolalar mualliflari sanaladilar.

Anvar qori Tursunovning ijodiy faoliyati 1981 yillardan boshlangan. O`zbekiston musulmonlari idorasi fatvolarining loyihalarini tayyorlashda ishtirok qilish, diniy nashrlar va mahalliy matbuotga maqolalar yozish, xalqaro anjumanlarda ma`ruzalar bilan ishtirok etish, diniy va ilmiy mavzularda boshqalar tomonidan yozilgan asarlarga muharrirlik qilish, mahalliy radio va televideniening ma`naviy va ma`rifiy dasturlarida boshlovchilik va chiqishlar qilish kabi ishlari uning tarjima, ta`lif va tasnif sohasidagi faoliyatiga yordam berdi. Xususan: «Sharq yulduzi», «Jahon adabiyoti» jurnallari, «O`zbek adabiyoti va san`ati» gazetalarida Alisher Navoiy ijodi va faoliyati, Navoiyshunoslik va tasavvuf ilmi haqida ko`plab ilmiy, ma`rifiy-ma`naviy maqolalari bilan ishtirok etib kelganlar.

Anvar qori Tursunov 1999-2017 yillarda O`zbekiston telekanalining «Hidoyat sari» ko`rsatuviga boshlovchilik qildilar. 2016- yildan “Madaniyat va ma`rifat” telekanalining “Odoblar xazinasi”, “Nasoyimul muhabbat” ko`rsatuvlari boshlovchisi edilar.

Anvar qori Tursunov “O`zbekiston Mustaqilligiga 25 yil”, “O`zbekiston Konstitusiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari, 2014 yilda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan «Sarhisob» tanlovida «Yilning eng faol targ`ibotchisi» mukofotlari bilan taqdirlangan.

Alloh taolo din xizmatida, xalq xizmatida yashab o`tgan muhtaram ustozimizni muborak Ramazon kunlarining barakoti va sharofati bilan rahmatiga, mag`firatiga olsin, barcha xayrli amallarini o`zlariga hamroh qilib, buyuk jannatlari bilan mukofotlasin.

O`MI Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar