1

Ikki ayol, etti yoshli qizcha va olti oylik go`dakni o`ldirib, yoqib yuborgan 27 yoshli yigitga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Jinoyat 14.06.2018, 18:45
Ikki ayol, etti yoshli qizcha va olti oylik go`dakni o`ldirib, yoqib yuborgan 27 yoshli yigitga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

2017 yil dekabr oyining oxirlari, aniqrog`i, Yangi yil bayrami arafasida Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani "Xidirsha" mahalla fuqarolar yig`inida sodir etilgan dahshatli jinoyat haqida eshitgan borki, barcha larzaga tushdi. Buloqboshilik 27 yoshli Azizbek Abduqayumov ikki ayol, etti yoshli qizcha va olti oylik go`dakni o`ldirib, yoqib yuborgan edi...

Keling, yaxshisi voqea tafsilotlariga biroz to`xtalsak. Azizbek mahallada o`z o`rniga ega oilada tarbiya topdi, uylandi, ikki farzandning otasi bo`ldi. Farzandlarining kattasi besh, kichigi uch yoshda. U o`qimadi, biror kasb-hunarning boshini tutmadi. O`ziga tegishli “Damas” avtomashinasida kirakashlik qilib, tirikchilik o`tkazardi.

Ikki yilcha avval, 1989 yilda tug`ilgan, Xo`jaobod tumanidagi Xidirsha mahallasida yashovchi turmushidan ajragan, bir nafar qizi bo`lgan Feruza ismli ayol bilan tanishib qoladi. Ularning munosabati kundan-kun yaqinlashib boradi. Feruzaning ota-onasi ham ajrashib ketgan, otasi boshqa ro`zg`or qilgan, onasi esa bir necha yildan buyon Rossiyada ishlab yurardi. Feruza qizi Gulchiroy bilan birga yashardi. Undan otasi bilan yashayotgan akasi, buvisi bilan yashaydigan singlisi tez-tez xabar olib turishardi. Endi Azizbek ham bu xonadonga serqatnov bo`lib qoladi. Oilasi, gulday ikki farzandi bo`la turib, Feruza bilan shar`iy nikohdan o`tib, birga yashay boshladi. Ming afsuski, ularning xufiyona munosabatlaridan na Feruzaning ota-onasi, na Azizbekning oilasidagilar xabar topmadi, mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shni esa u qadar e`tibor bermadi.

2017 yilning iyul oyida ular farzandli bo`ladi. Vaqt o`tib, o`rtalaridagi munosabatlar sovuqlasha boshladi, arzimas narsa uchun ham tez-tez janjal chiqadigan bo`lib qoldi. Ahvol shu darajaga borib etdiki, Feruza "mendan xabar olmayapsan, javobimni ber, sen bilan yashashni xohlamayman", degan qat`iy talab qo`ydi.

Hamma Yangi yil bayramini kutib olishga taraddud ko`rayotgan 30 dekabr kuni Azizbek tushdan keyin Feruzaning uyiga keladi. Uyda kim borligini, bolalar nima qilayotganini so`raydi. Singlisi Nargiza kelgani, yuvinayotgani, qizi Gulchiroy uyda o`ynayotgani, o`g`li Ikromjon esa beshikda uxlayotganini aytadi. Ularning o`rtasida yana janjal boshlanadi. Feruza “Javobimni ber”, deydi qat`iy ovozda. Turmush o`rtog`ini shaxsiyatga tegadigan so`zlar bilan "siylaydi". Asablari dosh berolmagan Azizbek shar`iy nikohdagi xotinini “taloq" qiladi. Beshikda uxlayotgan farzandining oldiga kirmoqchi bo`lganida xotini yo`lini to`sib, “yo`qol, bolani ko`rishga haqqing yo`q, bola sendan emas”, deya yana janjal ko`taradi. “Qo`lingdan kelsa, so`yib tashla” deb uning yoqasidan oladi. Jahl otiga mingan Azizbek zinada turgan xo`jalik pichog`ini olib, Feruzaning bo`yniga tortib yuboradi. Yiqilgan xotinini o`ldi, deb o`ylab ketish uchun darvoza tomon yurganida Feruzaning hali oila qurmagan 22 yoshli singlisi opasining ahvolini ko`rib, qichqirib yuboradi. O`zini tuta olmagan Azizbek pichoqni olib qaynsinglisini ham o`ldiradi. Hali joni uzilmagan, lekin qonga belangan Feruza o`rnidan turib, ko`cha tomon yugurayotganida uni to`xtatib, bir necha joyiga pichoq sanchadi.

Inson bu qadar razillikka borishi mumkinmi? Baqir-chaqirlardan qo`rqib ichkari uyda o`ynab o`tirgan etti yoshli Gulchiroy chiqib onasi va xolasining qonga belanib yotgan jasadi ustida dod soladi. Azizbek esa unga “qizim, qo`rqma” deya ichkariga olib kirib, guvoh sifatida uni ham o`ldiradi.

Hamma murdani bitta xonaga olib kirib bo`lgan Azizbek beshikda chinqirib yig`layotgan o`g`li Ikromjonning ovozini eshitadi. Avvaliga beshikni tebratib, bolani uxlatmoqchi bo`ladi. Lekin, ha deganda chaqaloq yig`idan to`xtamaydi. Shunda xotinining “bola sendan emas”, degan gapi uni dahshatga soladi va endi mahluq qiyofasiga kirgan bu inson olti oylik norasida go`dakni ham o`ldiradi.

Vahshiy qotil kichkina xonadagi murdalar ustiga pechkaga ulangan shlangni, so`ngra sigaret qoldig`ini tashlab, eshikni yopib tashqariga chiqadi. Qimmat narxdagi telefon apparati, tilla buyum va taqinchoqlarni olib, devor oshgancha voqea joyidan ketadi.

Yangi yil kuni jiyanlariga sovg`a olib kelgan Feruzaning tog`asi uy qulflanganidan, jiyanlari qo`ng`iroqlarga javob bermayotganidan hayron bo`ladi, biron joyga mehmonga ketishgandir, degan o`y bilan qaytib ketadi.

Har qanday kishini dahshatga soluvchi bunday qotillikni sodir etgan Azizbek esa qo`shni Qozog`istonga qochib o`tgan va u erdan Turkiyaga ketish uchun samolyotga chipta olgan edi.

...Opasi va singlisining bir necha kundan buyon qo`ng`iroqlarga javob bermayotganidan xavotir olgan Feruzaning ukasi uning uyiga kelib, qo`ni-qo`shnilar, mahalla raisi, ichki ishlar profilaktika inspektoriga uchrashadi. Uy yonida yig`ilganlar ko`chaga o`rnatilgan gaz hisoblagich ishlayotganidan shubhalanib, darvozani buzib ichkariga kiradilar. U erdagi dahshatli holatni esa hech kim so`z bilan ta`riflab berolmas edi.

Shuncha ishlar bo`lib o`tsayu, nahotki qo`ni-qo`shni, mahalla-ko`y bilmasa? Nahotki odamlar bir-biriga shu qadar beparvo, e`tiborsiz bo`lib qolgan bo`lsa?

...Turkiyaga ketmoqchi bo`lgan Azizbekning vijdoni qiynaldimi, qilgan qotilliklarini o`ylab pushaymon bo`ldimi, har tugul Qozog`istonda ichki ishlar xodimlariga uchrab, qilmishlari haqida so`zlab berdi. U zudlik bilan O`zbekiston huquq-tartibot idoralari vakillariga topshirildi.

Sudda Azizbek o`sha paytda g`azabdan nima qilayotganini anglamagani, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi. Lekin bu pushaymonlik uvol ketgan to`rt inson hayotini qaytara olardimi? Yo`q, albatta. Ko`ngil mayliga berilib, noto`g`ri yo`lga kirgan bu yigit hayotini sarobga aylantirdi. Oilasi bo`la turib, qing`ir yo`lni tanladi. Oqibati esa mana, hammamizga ayon. Ne-ne umidlar bilan voyaga etkazgan ota-onasi, yaqinlarining yuzini erga qaratdi, hali hayot nima ekanini anglab etmagan farzandlarini tirik etim qoldirdi.

Sudya A.To`raev raisligida o`tgan Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan Azizbek Abduqayumovga umrbod qamoq jazosi tayinlandi, deb yozmoqda O`zA.

Qotil qilmishiga yarasha jazosini oldi. Lekin uni vijdon azobi bir umr ta`qib etishi tayin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1