Olimpiya o`yinlari chempioni, bugungi kunda prof ringda faoliyatini davom ettirayotgan Fazliddin G`oibnazarov navbatdagi jangini 14 iyul kuni AQShda o`tkazadi.
«Lakefront» arenasi mezbonlik qiladigan jang oqshomida hamyurtimiz amerikalik Kevin Jonsonga qarshi ringga ko`tariladi.
Statistikaga nazar tashlaydigan bo`lsak, Fazliddin hozirgacha professional boksda 4ta jang o`tkazib ularning barchasida g`alaba qozongan (2tasi nokaut bilan). Raqib ham o`tkazgan barcha jangini o`z foydasiga hal qila olgan. (5ta jang, 4tasi nokaut).
Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati bokschi bilan bog`lanib, uning jangga tayyorgarlik jarayoni bilan qiziqdi.
«Jangga Kaliforniyada tayyorgarlik ko`ryapmiz. Murabbiyim Abror Tursunpo`latov bilan ishlayapman. Oldinda bir oylik mashg`ulotlar kutib turibdi. Sparring janglarni boshlaganmiz. Mashg`ulot janglari meksikalik va amerikalik bokschilarga qarshi o`tkazilmoqda. Shuningdek, qozog`istonlik raqib ham mashg`ulotlarda men bilan birga ishlaydi. Mashg`ulotlardagi raqiblarimning barchasi baland bo`yli va asosan o`ng qo`lda jang qiladi. Kevin Jonsonning bundan oldingi janglarini o`rganib chiqayapmiz. Uning nozik tomonlarini topishga ham ulgurdik. Tayyorgarlik jarayonida bu tomonlar ham inobatga olinadi.
Raqibning ko`rsatkichi meni qo`rqitayotgani yo`q. Agar boksda qo`rquv sezadigan bo`lsang faoliyatingni yakunlab qo`yganing yaxshiroq. Ringga o`z kuchingga yuqori ishonch bilan chiqish lozim. Men doimo shu tarzda jangga chiqaman. Ortimda butun mamlakat turganini, meni qo`llab-quvvatlayotganini bilaman. Bu menga yanada ko`proq kuch bag`ishlaydi», – dedi Fazliddin G`oibnazarov.






