O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, joriy yil 16 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida DXX organlari tomonidan dunyoning ko`plab mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federasiyasi va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan “O`zbekiston islom harakati” faoliyatiga aloqadorligi uchun qidiruvda bo`lgan, 1972 yilda Chiroqchi tumanida tug`ilgan, 2014 yilda AQSh fuqaroligini olgan Aliev Zokir Abdullaevich qo`lga olindi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Qo`lga olish jarayonida Z.Aliev noqonuniy faoliyatiga iqror ekani to`g`risida ko`rsatma berdi. Xususan, u 2000 yilda “O`zbekiston islom harakati”ga sodiq bo`lishga qasamyod qilgan, Afg`oniston Islom Respublikasi hududida harbiy tayyorgarlikdan o`tgan hamda Afg`oniston Islom Respublikasi hukumat kuchlari va koalisiya qo`shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
“O`zbekiston islom harakati”ning boshqa a`zolari bergan ko`rsatmalarga asosan, diniy-ekstremistik va terroristik faoliyatni amalga oshirgani uchun 2005 yilda DXX tergov bo`limlari tomonidan Z. Alievga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159, 223 va 2442-moddalari bo`yicha 646-sonli jinoiy ish qo`zg`atilgan.
Ayni paytda Z.Alievga nisbatan ehtiyot chorasini qo`llash masalasi ko`rib chiqilmoqda.
«Sof.uz» nashrining xabar berishicha, Zokir Aliev AQShdagi xususiy soliq kompaniyasining rahbari hisoblanadi.
O`zbekistonning Amerikadagi elchixonasi uning pasportiga 90 kunga viza qo`ygan. Zokir Aliev ota-onasining uyiga qadar etib borgan. Yaqinlari bilan ko`rishgandan keyin bir soat o`tib Qarshi shahridan kelgan milisiya xodimlari uni olib ketishgan.