Ahmad Farg`oniy nomidagi Farg`ona viloyati axborot kutubxona markaziga Turkiya milliy kutubxonasi tomonidan qimmatli manbaa — Ahmad Farg`oniyning turk tilida nashr qilingan nodir kitobi taqdim etildi. Bu haqda "Xalq so`zi" nashri xabar qilmoqda.
O`zbekiston va Turkiya o`rtasida imzolangan memorandumga asosan, mamlakatimiz vakillari Anqarada bo`lib kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishgan edilar. Ana shu ijodiy safar samarasi natijasida Ahmad Farg`oniyning asosiy noyob astronomik asari “Kitob al-harakat as-samoviya va
javomi` ilm an-nujum” (“Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”) viloyat axborot kutubxona markazidan joy oldi.

"Ahmad Farg`oniyning 1119 yilda yozilgan ushbu asari dunyoda yagona nusxa va u Turkiya milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Shu kungacha kutubxonamizda allomaning hayoti va ijodi haqida ma`lumotlar, turli olimlarning risolalari bo`lsa-da, bazamizda unga tegishli birorta asar yo`q edi. Turkiya milliy kutubxonasi bilan bevosita hamkorligimiz natija berganidan va taklifimiz qanoatlantirilganidan juda xursand bo`ldik. Turk tilidagi tarjima kitobi axborot texnologiyalardan yuqori unumda foydalanilgan holda chop etilgan. Kitobda asarning tarjimasi bilan birgalikda foto nusxasi ham keltiriladi", - deydi viloyat axborot kutubxona markazi direktori Shohidbek Aslonov.
