AsosiyJamiyat

Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (2-qism)

'Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (2-qism)'ning rasmi

Jahonga mashhur biznesmen hamyurtlarimiz

Davomi. (1-qismga ushbu havoladan o`ting)

Sportga katta qiziqish va hurmat bilan qaraydigan biznesmen (Alisher Usmonov) bugun yirik madaniyat, san`at va sport xomiysi, Rossiyadagi eng qo`li ochiq, bag`ri keng va obro`li biznesmenlardan. Ta`kidlash joizki, o`zbeklar, boymi, kambag`almi, kim bo`lishidan qat`iy nazar xayriyaga, sadaqaga, xayr-ehsonga nihoyatda diqqat-e`tibor va mas`uliyat bilan yondashishadi, deb yozadi ozmi-ko`pmi O`zbekistonni biladigan bir rus jurnalisti. Shunga ham rahmat, lekin o`sha rus tahlilchisi qani endi biz bilganimizcha bilsa edi. To`g`rida, islom dini, hadisi sharif, milliy urf-odat har bir musulmon uchun muqaddas hisoblanadi. Masalan: Yaxshilik qilu suvga tashla, baliq biladi, baliq bilmasa Xoliq biladi, deydi xalqimiz. Fikrimizcha, hech bir tilda, xalqda, millatda bunday benazir tarbiya kuchiga ega bo`lgan maqol, matal topilmasa kerak. “Ol, iloji bo`lsa ko`proq ol, yashirib ol, hech kim bilmasin”, qabilida faoliyat ko`rsatayotganlar yo`q deysizmi? Lekin bizga etib kelgan-ku: etti yashar Ahmadga (Xoja Ahmad Yassaviy) domlasi xo`rozni hech kim ko`rmaydigan erda “bismil” qilib kelinglar, deb tayinlaganda hamma sinfdoshlari so`yilgan xo`roz olib kelishadi, etti yoshli Ahmad esa xo`rozni tirik keltiradi va: “Domla, kechirasiz, xilvat joyni topa olganim yo`q, qaerga bormayin Alloh qarab turar edi”, deb aytgan-ku.

Oqlamaymiz ham yoqlamaymiz ham, lekin yoshlikda nimalar bo`lmaydi deysiz, buning ustiga otang Respublika poytaxti prokurori bo`lsa. Voqea esa bunday bo`lgan edi. Alisher Usmonov 1980 yili to`satdan KGBning yuqori lavozimdagi rahbarlaridan birining o`g`li bilan hibsga olinadi. Ular muttahamlikda, aldamchilikda, tamagirlikda ayblanadi.

Shu erda, ne jin urib yo`ldan adashgan o`spirinning bir gapini keltirib o`tamiz. “Qo`lim orqamda, mirshablar nazoratiyu qaramog`ida qamoqxona kamerasiga kirib borar ekanman, ichkarida o`tirganlarga xavotir bilan bir-bir qarab: “O`zingning otang qamaganlar bilan bir kamerada o`tirish oson bo`lmasa kerak”, deb o`ylagan edim”, – deb eslaydi u.

Voqealarning ikir-chikirini bilmaymizu, bunga qariyb 20 yil bo`lyapti, Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlagan ota o`g`lini suddan, uzoq yillarga “kesilib ketishi”dan olib qola olmaydi. Boz ustiga o`zi ham egallab turgan prokurorlik lavozimidan bo`shashga majbur bo`ldi. Agar jinoyat haqiqatdan ham sodir etilgan bo`lsa, shu paytda ham O`zbekistonda adolat, sharm hayo, haqiqat bor ekan-ku, degan xayolga borasan, kishi. 8 yilga qamalgan Alisher Usmonov “qo`ng`iroqdan qo`ng`iroqqacha” olti yil o`tirib chiqadi. Qamoqdan chiqqandan keyin Alisher ota-onasiga, oilasiga, qarindosh urug`lariga u katta jinoyatchi emasligini, haqiqatdan ham u noto`g`ri ish qilganligini, adashganligini, lekin unga nisbatan ham ortiqcha jazo qo`llanilganini isbotlashga qattiq turib harakat qiladi. Tinim bilmay yozdi. Va nihoyat... 2000 yilda O`zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan barcha ayblovlar Alisher Usmonovdan rasman olib tashlanadi va u to`la oqlanadi.

Navbatdagi hikoyamiz haqiqatga qanchalik yaqin kelishini bilmaymizu lekin shu xususida ikki og`iz gap aytmoqchi edik. Iso payg`ambar hayotda noma`qul ish qilib qo`ygan va dildan ezilib, o`ksinib, qiynalayotgan yosh ayolni oldida tiz cho`kib oyog`ini yuvib pokizalaydi. Olomon darg`azab. Shu davr odati bo`yicha bunday ayol toshbo`ron qilinishi lozim edi. Fojia endi sodir bo`lay deb turgan paytda Iso alayhissalom g`azabi junbushga kelgan olomonga qarab:

– Agar kimda kim: “Alloh oldida mening hech qanday gunohim yo`q, men mutlaq pokman, billurdek tozaman, deya olsa, mayli shu kishi qo`lidagi toshni bu ayolga qaratib otsin, deydi. Bu so`zlardan keyin oraga og`ir sukunat cho`kadi. Va darg`azab bo`lib turgan odamlarning yonib turgan ko`zlari asta-sekin so`nib ular er chiza boshlaydilar. Olomonning qo`llaridan oyoqlarining ostiga birin-ketin “duk”-“duk” etib toshlar tusha boshlaydi.

0505.jpgHar bir inson o`zini “men eng yaxshi insonman, eng odil va eng pokiza shaxsman” deb hisoblaydi. Shunday munosabatni yaxshi, to`g`ri deb hisoblab, bu insonning o`ziga bo`lgan talabi va kelajak ahd-rejasi, deb anglamoq kerak. Lekin hayotda qiziq-qiziq voqealar bo`lib turadi. Deylik, Amerikadagi eng oliy lavozim bo`lgan - prezidentlikka saylovlar oldidan nomzodlarning har biri haqida ularni fosh etuvchi shunaqangi “kompromat”lar chiqa boshlaydiki, baraka topkur “yozuvchilar” bu ma`lumotlarni qaerdan olganligiga hayron qolasan kishi. Go`yo-ki nomzod tug`ilgan kunidan boshlab monarxiya davlatlaridagi valiahdlar singari, sulton, qirol bo`lishi aniq va bo`lajak oliy hazratlarining tavallud topgan kunidan shu kunga qadar tabarruk tarixi daqiqama–daqiqa batafsil qog`ozga tushirilgan.

Saylovlar oldidan nomzodning bola paytidagi gugurt chaqib sho`xlik qilganidan tortib, to, kechirasizlaru chaqaloq paytida kiyimini ho`llab qo`yganiga qadar, barchasi bosma va elektron OAVda umumxalq muhokamasiga chiqadi. Saylovchilardan ham: “Iy-ya, biz uni oliy tabaqaga mansub deb yursak, axir uning ostini ho`llab qo`yadigan odati bor ekan-ku, qanday qilib u Amerika prezidenti bo`la oladi, y-o`-o`-q, buni yaxshilab bir o`ylab ko`rish kerak!” deydiganlar ham albatta topiladi.

Boshqa lavozimdagilarni qo`ya turayligu, yirik ishbilarmon, tadbirkor, biznesmenlarning ham har bir xatti-harakati xuddi katta xalq artistlaridek, mashhur sozandayu xonanda, olimpiya va jahon chempionlari qatori doimo jamoatchilik diqqat markazida turadi, xalq tilidan tushmaydi. Ha, mashhur bo`lish oson emas. Lekin katta imkoniyatlar berilgan shaxsning so`rovi ham katta bo`ladi, degan gap bor. Bu esa shaxsdan sabot, matonat, sabr, toqat, toza va to`g`ri yurish-turishni talab qiladi. Va bunga tayyor bo`lmoq darkor.

Alisher Usmonov 1971 yil bitiruchilari, diplomatlari bilan jahonga mashhur bo`lgan Moskvadagi xalqaro munosabatlar instituti MGIMOning “Xalqaro huquq” mutaxassisligi bo`yicha bo`lajak jahonga mashhur o`zbek biznesmeni Iskandar Mahmudov, Rossiya prezidenti Elsinning matbuot kotibi Sergey Yastrjembskiylar bilan birga bir kursda tahsil oladi va 1976 yili uni bitirib chiqadi. Lekin Alisher Usmonovning o`zi olgan ilmi, bilimi hajmi va ta`lim darajasini kelajakdagi hayoti va shaxsiy rejalariga etarli deb hisoblamaydi. U o`qishda, yana bir yangi mutaxassislikka ega bo`lishni istab qoladi. Va Rossiya Federasiyasi Hukumati qoshidagi Moliya akademiyasiga kirib o`qiydi. Endi u rus tiliga qo`shimcha yana ingliz, fransuz tillarini ham puxta o`rgangan, ularda bemalol gaplasha oladigan Bank ishi bo`yicha mutaxassis bo`lib chiqadi.

O`zida, irsida, qonida deymizmi, qandaydir bir ajoyib xislati, fazilati bor bo`lgan odamni hayot silsilalariyu tasodiflari qanchalik o`rtaga olmasin, qiynamasin u baribir nish urib, bo`y-bastini borlig`icha namoyon etar ekan. Shunday bo`ldi ham.

Ozodlikka chiqqandan keyin yaxshiyamki, qo`lida kasbi bor bo`lgan Alisher puxta o`rgangan va yaxshi biladigan arab tilidan o`zbek va rus tillariga matnlar tarjima qilib undan topgan mablag`iga kun ko`rdi. SSSR Fanlar akademiyasining Andijondagi Fizika instituti laboratoriyasida patentlar bo`yicha mutaxassis bo`lib ishladi. Chet tillarini bilgani bu erda ham joniga oro kirdi. Bo`lajak milliarder, xorijdan kelgan boy sayyohlarni Farg`ona vodiysi, respublika bo`ylab safarga olib chiqar, sayr qildirar, Pomir tog`larida ular uchun maxsus ov tashkil qilar edi. Bu qiziqarli, daromadli, yaxshi bo`lsayam, bari bir Alisher o`ylagandek, unga mos ish emas edi. Izlanishda u davom etadi.

Moskvada MGIMOda o`qib yurgan kezlari orttirgan tanishlari yordamida Alisher Usmonov Moskvaga qaytib boradi va Tinchlikni himoya qilish sovet qo`mitasining tashqi iqtisodiy aloqalar assosiasiyasida ishlay boshlaydi. Ayni bir paytda xususiy tadbirkorlik bilan shug`ullanadi. Ozodlikka chiqqandan keyin Alisher davlat ishiga qaytishni xohlamadi. Qayta qurish davri esa unga o`xshagan kishilarga xususiy tadbirkorlikni yuritish uchun katta imkoniyatlar ochib bergan edi. O`zbeklarda yaxshi bir gap bor. Tirikchilik ayb emas, deyishadi. Alisher o`zining dastlabki biznesini polietilen paketlarini, ha... ha.., polietilen paketlarini ishlab chiqarishdan boshladi. 1987 yili u Rossiyadagi Ramenskiy plastmassa zavodi bazasida “Agroplast” kooperativini tashkil qiladi. Shundan so`ng tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanadi. Lekin ko`p o`tmay tamaki insonlar sog`lig`iga ziyon etkazadi, deb bu biznesidan voz kechadi.

O`zidan qoniqmaslik hissi, mehnatdan qochmaslik, maqsadga qarab qattiq intilishi, malakasini muttasil oshirib borganligi tufayli u asta sekin lavozimlar pillapoyasidan ko`tarila boshlaydi. 1990 yili Alisher Usmonov “Interkosmos” Yopiq aksionerlik jamiyati bosh direktorining birinchi muovini lavozimida ishladi. So`ngra “Birinchi mustaqil rus banki” direktorlari Kengashi tarkibiga kiradi va 1993 yili MAPO - Moskva samolyotsozlik ishlab chiqarish birlashmasi bankining hammuassisi bo`ladi.

Yoshligidan qilichbozlik bilan shug`ullangan Alisher Usmonov sportni unutgani yo`q. Taniqli tadbirkor, biznesmen 2007 yildan boshlab Angliyaning “Arsenal” futbol komandasi aksiyalarini sotib olaboshladi. 2009 yilga kelib esa uning qo`lida mashhur ingliz futbol komandasining to`rtdan biri - 25 foiz aksiyalari to`plandi.

Ma`lumki, polvon, kurashchi, sportchi, o`zining ustida tinmay ishlamasa biron bir yutuqqa erishishi qiyin. Biznesmen ham xuddi shunday, u raqiblari bilan kurashishi, ulardan aqlli, chapdast va zo`r bo`lishi kerak edi. Agar sportchi fe`lu tabiatiga ega bo`lib, Moskvadagi MGIMOdek mashhur oliy o`quv yurtini bitirsa, xorijiy tillarda bemalol gapirisha olsa bormi, unday kishilardan Alisher Usmonovdek, Iskandar Mahmudovdek jahonga mashhur biznesmenlar chiqishini hayot ko`rsatib turibdi.

Davomi bor, saytimizni kuzatib boring.

Irismat Abduxoliqov, O`zA

    Boshqa yangiliklar