Ma`lumotlarga qaraganda, “Halol” belgisi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talabning oshib bormoqda. Xo`sh, bu bozorda O`zbekistonning o`rni qanday?
Bu savolga Jahon bankining O`zbekistondagi konsultanti Jahongir Imomnazarov shunday javob berdi:
– O`zbekistonning “Halol” bozoriga kirib borishiga yordam berishi mumkin bo`lgan asosiy omil xalqning oziq-ovqat sanoati va xizmat ko`rsatish sohasidagi salohiyatidir.
Misol uchun, O`zbek qassobini ishini bir marta ko`rgan odam hech qachon boshqaning xizmatidan foydalanmasa kerak yoki o`zbek oshpazining oshini bir marta egan odamda oshga muhabbat paydo bo`lmay qolmaydi. Keyingi 15 yilda Rossiya va Qozog`istonda o`zbek oshxonalari (restoran/choyxonalar) eng yaxshi va eng qimmat oshxonalar qatoriga kirgani, osh, sho`rva, somsa kabi taomlar bu yurtlar aholisining eng sevimli taomlariga aylangani bejiz emas.
Yaqinda Rossiyadagi mashhur restoranlarning rahbari bilan suhbatlashganimizda, u o`zbek oshxonasi jahonda etakchiga aylanib, yapon va italyan milliy taomlarini ortda qoldirayotgani, o`zbeklar o`n yildirki etakchilikni hech kimga bermay kelyapti... Ba`zan “o`lib borayotgan” restoranni choyxonaga aylantirishdek oddiy, lekin yangicha g`oyaning o`zi etarli bo`lishi, lekin oshpazlar O`zbekistondan bo`lishi kerakligini, e`tirof etdi.
Shunday ekan, oziq-ovqat, va xizmat ko`rsatish sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarimizning ko`pligini inobatga olib xizmatlar eksportini yo`lga qo`yish kerak. Bunda mamlakatimiz dunyo “Halol” bozoriga malakasiz va kam ish haqi oladigan qora ishchilarni emas, balki qo`lida hunari bor, demak yaxshi ish haqi olishi mumkin bo`lgan mutaxassislarni etkazib beradi.
Agar kelgusida davlat tomonidan shunday mutaxassislar tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan qisqa muddatli kurslar tashkil etilsa,bu sohada eksport imkoniyatimiz yanada oshgan bo`lardi.
Keling, endi “Halol” bozori doirasida O`zbekistondan yana nimalarni eksport qilishni chamalab ko`ramiz. Bunday imkoniyat har bir sohada mavjud. Misol uchun, konservalangan oziq-ovqatlar, jumladan, bolalar uchun maxsus taomlar, murabbo, jem, pirog, keks, sharbatlarga talab yuqori. Dori-darmon sanoatiga e`tibor qaratsak, bunda ham etarlicha, imkoniyatimiz bor. Eng avvalo, tarkibida islom dinida iste`mol qilish (foydalanish), qo`llash ta`qiqlangan (harom qilingan) moddalar qo`shmasdan turli dori-darmonlar ishlab chiqarishni kengaytirishimiz shart. Hatto, ana shu talablarga javob beradigan pardoz-andoz buyumlari (atir, upa, krem, tish pastalari va h...) ishlab chiqarish va eksport qilish mumkin.
Ana shunday shartlarni bajarib, tayyorlangan mahsulotni eksport qilish qulay bo`lgan mamlakatlar bormi, degan savolga javob beradigan bo`lsa, ular Afg`oniston (aholisi 35 million), Markaziy Osiyo davlatlari (39 million aholi), Rossiya (20 million musulmon) va boshqalarni aytish mumkin.
Keling, Rossiya bozoriga biroz to`xtaylik. O`zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri Rossiya bo`lib, 2017 yilda mamlakatimiz eksportining 18,1 foizi shu davlatga to`g`ri keldi. Hozirda Rossiya aholisi 146 milliondan ortiq bo`lib, shundan 20 millioni musulmon. Tatarlar, boshqirdlar, chechenlar, ingushlar, lezgin va boshqalar. “Halol” mahsulotlar Rossiya oziq-ovqat bozorining 10 foizini, ya`ni 35 milliard dollarni tashkil etmoqda! Agar bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yiliga 15-17 foizdan ko`payib borayotganligini hisobga olsak, gap bir necha o`n milliard dollarga teng bo`lgan ulkan imkoniyatlar bozori haqida ketayotganligini va shu bozordan o`z ulushimizni olishga allaqachon harakat boshlashimiz kerakligini anglab olsak bo`ladi.
Qisqasi, O`zbekistonda “Halol” standarti joriy etilishi bu, birinchi navbatda, tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigining ochilishi demakdir. Davlat birinchi qadamni qo`ydi, endi navbat tadbirkorlarga.
Sayyora Shoeva suhbatlashdi, O`zA