Samarqand shahrining "Registon Plaza" mehmonxonasida rossiyalik dietolog-endokrinolog Vadim Krilov «Qanday qilib istagan taomni eb, qomatni saqlab qolish mumkin?» mavzusida aholi va mutaxassislar o`rtasida seminar-trening o`tkazdi. Bu haqda "Zarafshon" nashri xabar berdi.
— XXI asrga kelib ortiqcha vazn jiddiy muammoga aylandi, - deydi V.Krilov. – Rossiyada 60 foiz, Amerikada biroz ko`proq, O`zbekistonda 50 foiz aholi ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Bunday salbiy holatlar ko`payishining oldini olish uchun to`g`ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Ko`pchilik ovqat emay, ochlik bilan ortiqcha vazndan xalos bo`laman, deb o`ylaydi. Ammo bu noto`g`ri fikr. Chunki birdaniga o`zini hamma narsadan cheklash yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Axir, ilk mashg`ulotda birdaniga 200 kilogrammlik toshni ko`tara olmaysiz-ku.
Bunda avvalo, bemorlarni ruhlantirib, ularning o`ziga bo`lgan ishonchini orttirib, foydali mahsulotlarni iste`mol qildirib erishish mumkin. Ortiqcha vazndan xalos bo`lish uchun o`zlarini hech narsadan cheklamaslik, faqatgina ovqatlanish me`yorlariga rioya etish, ko`proq harakatda bo`lish talab etiladi.






