O`zining diplom ishida "Men dunyo fuqarosiman" degan mavzuda hujjatli film tasvirga olgan amerikalik yosh mutaxassis Stefan Braun O`zbekistonga sayohat qilgan. U 23 yoshda, hozir AQShdagi shirkatda reklama sohasida faoliyat yuritmoqda, deb yozadi BBC.
Stefan jahondagi 20 dan ortiq mamlakatga sayohat qilgan.
Sayohat uchun yangi manzilni tanlayotganida o`sha mamlakatning xalqaro turistlar uchun u qadar jozibali bo`lmaganiga e`tibor qaratgan va o`shanday mamlakatlarga borib kelgan.

Stefan Braun o`zining ijodiy ishida dunyodagi irqchilik muammosi, global do`stlik, sabr-toqatlilikning ahamiyatini urg`ulashni istagan.

U dunyo bo`ylab orttirgan do`stlari ko`magiga tayanib, hujjatli filmini tasvirga olgan.
"Ushbu tajribalarim meni faqat AQSh fuqarosigina emas, dunyo fuqarosiga aylantirdi", deydi Stefan.
U xorijiy ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston haqida salbiy tasavvur mavjudligiga e`tibor qaratgan.
Biroq matbuot xabarlariga emas, o`z yuragiga quloq tutib O`zbekistonga sayohat qilishga qaror berganidan xursand ekanini yozadi.
"Chunki men o`zbeklarning qanchalar ajoyib insonlar ekanini o`z ko`zim bilan ko`rdim... mahalliy odamlarning mehmondo`stligi, har bir insonning do`stona munosabatidan men o`zimni dunyoning har qanday joyiga nisbatan o`z uyimdagidek his qildim. Har kuni tabassum, har kuni yangi bir do`st, har kuni men har qanday muammoni esdan chiqargan holda uyqudan uyg`ondim", deydi Stefan.

"O`zbekistonga sayohatim meni nafaqat global fuqarolikka, balki insoniylik nimani anglatishiga o`rgatdi", deya xulosa qilgan Stefan Braun.






