“Rohat ko`li”ga yaqinidagi bekatda bir ayol uzala tushib yotganiga ko`zimiz tushdi. Biron yordam kerak degan o`yda befarq o`tib ketolmadik. Yaqinlashar ekanmiz, spirtli ichimlik ichib olgandir yoki tobi yo`qdir degan fikrlar tug`ila boshlandi. Barcha gumonlarni chetga surib, ayolni uyg`otishga urindik. Ko`zini arang ochib, bizga qaraydi. Nega bu erda yotganiga qiziqdik. Ayol to`lib turgan ekanmi, dardini ochib sochdi, deb yozadi "Mahalla" gazetasi. Ayol o`zini Namangan viloyati Cho`st tumanida yashovchi Zuhra Matqulova deb tanishtirdi.
Ayolning so`zlariga ko`ra, u erining kaltaklari, so`kishlari, xo`rlashlaridan Toshkentga qochib kelgan. Ayolda janjallardan “esdalik” bo`lib qolgan tirtiq va chandiqlar bor.
— Shu erda rizqimni terib yuribman. Bu erda mazza-da. Kuniga 40-50 ming so`m pul topaman. O`zim yashaydigan joyda ish topish qiyin? Ish topsangiz ham oyliklari haminqadar. Charchab bekatda uxlab qolibman, — deydi ayol.
Qayd etilishicha, Zuhra Matqulova 38 yoshda. Ikkinchi turmushidagi eri undan ancha katta, 60 yoshda.
— Biror joyda yolchitib ishlamaydi, muntazam spirtli ichimlik ichadi. Ichgan paytida men bilan janjallashib, pichoq tirab, bo`ynimdan bo`g`ishgacha borgan. Qo`shnilar bir necha marta ajratgan. Ammo, foydasi bo`lmadi. O`zimga o`xshagan mardikor ayollar bilan shu yaqin atrofda ijarada yashayapman. Qornim ochsa, ko`chadagi oshxonalarda ovqatlanaman. Uyda oilam bag`rida shirin taomlar pishirib, oilamdagilarni xursand qilishni istardim. Qizimni juda sog`inganman. Nima qilayotgan ekan, — deydi u.
Savollar tug`iladi. Ayol yashaydigan mahalla fuqarolar yig`ini, tuman xotin-qizlar qo`mitasi qaerga qaramoqda? Notinch oilaning taqdiri hech kimni qiziqtirmadimi? Yarashtirish komissiyasi nima bilan band bo`ldi ekan? Aholining bandligini ta`minlash bo`yicha islohotlar “Qoraqo`rg`on” mahallasiga etib bormadi? Necha kundirki, ayol Toshkentda yurgan bo`lsa, hech kim qidirmadimikan? Farzandini tashlab, qaerga ketdi degan savolni berishmadimikan?






