1950-1953 yillardagi Koreya urushida ajratilgan oilalarni uchrashtirish borasida Seul va Pxenyan muzokara olib bormoqda.
Xabarda qayd etilishicha KXDR mezbonlik qilayotgan muzokarada tomonlar Koreya urushi davrida ajratilgan oilalarni “Ozod bo`lish kuni”da (15 avgustda nishonlanadi) uchrashtirish masalasini muhokama qiladi.
Janubiy Koreyaning milliy birlashuv vazirligi o`tkazgan so`rovga ko`ra mamlakat fuqarolarining 74 foizi Shimoldagi qarindoshlarining yashash manzillarini bilmaydi. “Ryonxap”ning yozishicha, Koreya Respublikasi delegasiyasi muzokaralarda ayni masalani ham ko`taradi.
Eslatib o`tamiz, 1950-1953 yillardagi Koreya urushida ajratilgan oilalarni uchrashtirish borasidagi muzokaralar ikki davlat o`rtasida so`nggi bor 2015 yilda bo`lib o`tgan. Navbatdagi muzokara aprel oyida Pxanmunjomda Shimoliy va Janubiy Koreya o`rtasida o`tkazilgan sammit mahsulidir. Dunyo afkor ommasi tomonidan “tarixiy ahamiyatga ega” deya e`tirof etilgan mazkur sammitda o`zaro tinchlik, Koreya yarim orolini birlashtirish va taraqqiy ettirishga bag`ishlangan deklarasiya imzolandi. Shuningdek, urushda bir-biridan ajratilgan oilalar uchrashuvini tashkil etishga ham kelishib olindi.






